Muloqot chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi va Jahon banki o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Bank rahbariyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar izchilligini, shuningdek, 2020-yilda pandemiyaning jahon iqtisodiyotiga salbiy ta’siriga qaramasdan Respublikada iqtisodiy o‘sishga erishish uchun poydevor yaratib bergan iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlarning o‘z vaqtidaligi va samaradorligini qayd etdi. Shu nuqtai nazardan, A.Berde Bankning O‘zbekistonda keng islohotlar dasturini amalga oshirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda davom etishga sodiqligini tasdiqladi.
Jahon bankining O‘zbekiston Respublikasi bilan 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan yangi Hamkorlik dasturini ishlab chiqish bo‘yicha kelgusida hamkorlik qilish shakllari belgilab olindi. Dastur uchun asos sifatida O‘zbekiston Hukumatining keyingi 5 yil davomida amalga oshiriladigan islohotlar dasturining asosiy ustuvor yo‘nalishlari olinishiga kelishib olindi.
Bank rahbariyatiga 2030-yilgacha To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish strategiyasini ishlab chiqishda ko‘rsatilayotgan texnik yordam uchun minnatdorlik bildirildi. Strategiya O‘zbekiston sanoatining ustuvor tarmoqlariga xorijiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha amaliy harakatlarni belgilaydi. Shuningdek, u to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya oqimlarini, investitsiya qonunchiligi va Respublika sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini o‘rganish, iqtisodiyotning alohida tarmoqlarini asosiy raqobatchi-mamlakatlarning o‘xshash tarmoqlari bilan qiyosiy tahlil qilish va xorijiy investitsiyalarni jalb etishning qadamma-qadam «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish bo‘yicha uch bosqichda amalga oshiriladi.
O‘zbekistonda keng ko‘lamli iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish dinamik sur’atlari ta’kidlandi. Jumladan, 2020-yilning yakunlariga muvofiq, Jahon banki tomonidan suv ta’minoti, qishloq xo‘jaligi, innovatsion rivojlanish, bozor islohotlarini ilgari surish va pandemiyaga qarshi kurash sohalarida 6ta loyiha moliyalashtirishi ma’qullandi. Shuningdek, tomonlar infratuzilmani rivojlantirish, energetika va uy-joy qurilishi sohalarida umumiy qiymati 1,7 milliard dollarga teng bo‘lgan yangi istiqbolli loyihalarni muhokama qildilar hamda ularni birgalikda ishlab chiqishni tezlashtirish va amalga oshirishni boshlashga kelishib oldilar.
Muzokaralar yakunida A.Berde va Jahon banki delegatsiyasi joriy yilning may oyida O‘zbekistonga tashrif buyurish niyatida ekanligi ma’lum qilindi, shu munosabat bilan bo‘lajak tashrif kun tartibini amaliy mazmun bilan to‘ldirish maqsadida ikki tomonlama hamkorlikning barcha sohalarida munosabatlarni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.