Jahon banki yordamida BPO markazlari tashkil etiladi

    Xalqaro hamkorlik 28 Iyun 2022 1434

    Jahon banki vakillari bilan “Oʻzbekistonda inklyuziv raqamlashtirish” loyihasi doirasida BPO markazlarini tashkil etishga koʻmaklashish masalalari muhokama etildi.

    Joriy yil 27-iyunda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi oʻrinbosari Oleg Pekos Jahon banki vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuvda BPO (Business Process Outsourcing) va KPO (Knowledge Process Outsourcing) xizmatlari bozorida yangi ish oʻrinlarini yaratish yoʻnalishida “Oʻzbekistonda inklyuziv raqamlashtirish”ni rivojlantirish va keng koʻlamli loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama etildi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.

    Taʼkidlanganidek, yoshlarni AKT sohasiga keng jalb etish orqali ularning bandligini oshirish, yuqori haq toʻlanadigan ish oʻrinlarini yaratish – vazirlik faoliyatidagi ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Shuni hisobga olgan holda, Jahon banki ishtirokida “Oʻzbekistonda inklyuziv raqamlashtirish” loyihasi doirasida masofaviy xizmatlar koʻrsatish markazlari (BPO-markazlari)ni tashkil etish va jihozlash koʻzda tutilgan.

    Tomonlar ushbu loyiha Oʻzbekistonning raqamli rivojlanishi doirasida muhimligini qayd etib, uni samarali amalga oshirish va AKT sohasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun barcha saʼy-harakatlarni safarbar etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.