Jahon banki ekspertlari bilan hamkorlik istiqbollari muhokama etildi

    Xalqaro hamkorlik 28 Sentabr 2023 867

    Joriy yil 27-sentyabrda Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi M.Qodirxonova Ijtimoiy rivojlanish masalalari boʻyicha katta mutaxassisi, loyiha rahbari Robert Vrobel boshchiligidagi Jahon banki delegatsiyasi vakillari bilan uchrashdi.

    Muloqotda Oʻzbekiston va Jahon banki oʻrtasida strategik hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani, bir qancha yoʻnalishlarda qator loyihalar amalga oshirilgani aytib oʻtildi.

    Shuningdek, uchrashuvda gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikka barham berish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirish, ularning davlat ishlarini boshqarishdagi rolini oshirish, yoshlar siyosati hamda hozirgi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, roʻy berayotgan barcha oʻzgarish va yangilanishlar haqida fikr almashildi.

    Oʻz navbatida, senator Malika Qodirxonova xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan qonunchilikka kiritilgan oʻzgartirish va yangiliklarga toʻxtaldi.

    – Qonun bugungi kunda xotin-qizlar hamda voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan turli xil zoʻravonlik holatlariga nisbatan qatʼiy jazo choralarini belgilash bilan bir qatorda, bunday salbiy holatlarning oldini olishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir, – dedi M.Qodirxonova.

    Shuningdek, Robert Vrobel soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijobiy oʻzgarishlar, ayniqsa xotin-qizlar va bolalar huquqini himoya qilish, ularni turli tazyiq va zoʻravonliklardan himoyalash borasidagi ishlarni yuqori baholadi.

    Muloqot davomida tomonlar 2023–2024-yillarda Jahon bankining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetini qoʻllab-quvvatlash loyihasi doirasidagi islohotlar toʻgʻrisida soʻz yuritdilar.

    Uchrashuv yakunida Jahon banki mutasaddilari hamkorlikdagi aloqalarni yanada takomillashtirib borishga tayyor ekanliklarini bildirdi va kelgusida qilinadigan ishlar yuzasidan kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.