Jahon bankining prognoziga ko'ra, 2021-yilda O'zbekiston iqtisodiyotining o'sishi 4,8 foizni tashkil etadi. Markaziy Osiyo mintaqasida esa iqtisodiy o'sishning 3,7 foizgacha tiklanishi kutilmoqda.

Jahon bankining “Jahon iqtisodiy istiqbollari” hisobotining iyun sonida 2021 va 2022-yillarda O'zbekiston iqtisodiyotining o'sishi 4,8 foiz va 5,5 foizga yetishi aytilgan, deb yozadi “gazeta.uz” nashri.

Umuman olganda, Markaziy Osiyoda iqtisodiy o'sish 2021-yilda 3,7 foizga va 2022-yilda 4,3 foizgacha tiklanishi kutilmoqda. Bunga, tahlilchilarning fikriga ko'ra, xomashyo narxlarining biroz ko'tarilishi, yirik neft ishlab chiqaruvchi mamlakatlarda ishlab chiqarish hajmidagi cheklovlarning yumshatilishi va to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarning ko'payishi yordam beradi.

Jahon bankining taxminlariga ko'ra, 2021-yilda global iqtisodiy o'sish 5,6 foizni tashkil etadi — bu 80 yil ichida turg'unlik davridan tiklanishning eng tez sur'ati hisoblanib, bu asosan bir nechta yirik mamlakatlarda iqtisodiy faollikning jadal tiklanishi bilan bog'liq. Biroq, ko'plab shakllanayotgan bozor va rivojlanayotgan mamlakatlar COVID-19 pandemiyasi va uning oqibatlari bilan kurashishda davom etmoqda, deyiladi xabarda.

Jahon banki prognozlariga ko'ra, AQSH iqtisodiy o'sishi bu yil 6,8 foizni tashkil etadi. Bu katta miqdordagi moliyaviy yordam va karantin cheklovlarining yumshatilishi natijasida yuzaga keladi. Boshqa iqtisodiy rivojlangan mamlakatlardagi o'sish ham keskin bo'lmasa-da, tezlashmoqda. Shakllanayotgan bozor va rivojlanayotgan mamlakatlar orasida bu yil Xitoy iqtisodiyotida 8,5 foizga o'sish kutilmoqda.

Iqtisodiy tiklanishiga qaramay, joriy yilning oxiriga kelib dunyo ishlab chiqarish hajmi pandemiyadan oldingi prognozlarga qaraganda taxminan 2 foizga past bo'ladi. Shakllanayotgan bozor va rivojlanayotgan iqtisodiyotga ega mamlakatlarning qariyb uchdan ikki qismi 2022-yilga kelib jon boshiga daromadning pasayishini qoplay olmaydi.

Bundan tashqari, pandemiya kambag'allikni kamaytirishdagi yutuqlarni yo'qqa chiqardi va vaktsinalar yetishmovchiligi bo'lgan past daromadli mamlakatlarda beqarorlikning kuchayishiga va boshqa uzoq muddatli muammolarning yanada chuqurlashishiga olib keldi, deya qayd etadi tahlilchilar.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, ko'plab shakllanayotgan bozor va rivojlanayotgan mamlakatlarda jon boshiga daromad darajasi pandemiya boshlanishidan oldin erishilgan darajadan past bo'lib qoladi. Ushbu daromadning pasayishi sog'liqni saqlash, ta'lim va turmush darajasidagi yo'qotishlarni kuchaytirishi kutilmoqda, deyiladi hisobotda.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo'chqorov Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yilda yalpi ichki mahsulot o'sishini 6 foiz darajasiga yetkazish vazifasini qo'yganini ta'kidlagan edi.