Jahon banki 2022 va 2023-yillarda Xitoy iqtisodiyoti oʻsishi sekinlashishini prognoz qildi. Bunga koʻchmas mulk bozoridagi inqiroz va COVID-19 tarqalishiga qarshi kurash sabab qilib koʻrsatilgan.

Xususan, Xitoy YAIM 2022-yilda 2.8 foizga, keyingi yil esa 4.5 foizga oʻsishi mumkin. Iyun oyida bu koʻrsatkich mos ravishda 4,3% va 5,2% ni tashkil etishi taxmin qilingandi.

“Xitoy hukumatining koronavirus tarqalishini oldini olishga qaratilgan harakatlari jiddiy iqtisodiy oqibatlar hisobiga amalga oshirilmoqda”, deyiladi bank hisobotida.

Koʻchmas mulk bozoridagi vaziyat ham iqtisodiyotga oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda: qurilish hajmi va uy-joy sotuvi kamaymoqda, isteʼmolchilarning koʻchmas mulk bozoriga ishonchi pasayib ketgan. Qarzga botib qolgan qurilish kompaniyalari obyektlarni oxirgacha yakunlamay, tashlab ketyapti.