Shu kungacha mazkur tashkilot COVID-19 uchun kurashga deb 21 milliard dollar atrofida mablagʻ ajratgan.

— Bugun manaman degan rivojlangan davlatlar uchun ham misli koʻrilmagan tibbiy, moliyaviy, ijtimoiy va iqtisodiy inqirozlar boʻy koʻrsatmoqda. Buning oqibatida millionlab insonlarning hayoti xavf ostida qolmoqda. Shunday tahlikali vaziyatda Jahon bankining vazifasi yana-da dolzarb ahamiyat kasb etadi. Biz bunday yordam dasturlarini iqtisodiy jihatdan qashshoqlashayotgan, oʻzini oʻnglab olishga resursi yoʻq mamlakatlar uchun berishda davom etaveramiz, — deydi Jahon banki prezidenti Devid Melpas. — Uzoq muddatga moʻljallangan ushbu loyihamiz elektr va toza ichimlik suv kabi muhim infratuzilmalardan foydalanishni kengaytirish, qonun ustuvorligini taʼminlash, xususiy sektorning oʻsishi va rivojlanishiga yordam berish orqali keng iqtisodiy oʻsish va oʻrtacha daromadni oshirishga koʻmaklashish, qarz va investitsiya masalalarida shaffoflik va barqarorlikni taʼminlash kabilarga qaratiladi.