Jahon banki Oʻzbekistonga elektr tarmoqlari modernizatsiyasi uchun 100 mln dollar ajratadi

    Mablagʻlar qayta tiklanuvchi energiya manbalarini taqsimlash tarmoqlariga integratsiyalash va elektr energiyasi taʼminoti ishonchliligini oshirishga yoʻnaltiriladi.

    Jahon banki Oʻzbekistonga 100 million dollar imtiyozli kredit ajratishni maʼqulladi.

    Jahon banki xabariga koʻra, mablagʻlar qayta tiklanuvchi energiya manbalarini taqsimlash tarmoqlariga integratsiyalash va elektr energiyasi taʼminoti ishonchliligini oshirishga yoʻnaltiriladi.

    “Hududiy elektr tarmoqlari” (HET) korxonasi ham ushbu dasturni amalga oshirish uchun mablagʻ ajratadi — 50 million dollar.

    Shu tarzda kelgusi besh yil ichida taqsimlash infratuzilmasini rivojlantirishga 150 million dollar sarmoya kiritiladi. Bu ustuvor hududlar, jumladan, Qoraqalpogʻiston va Surxondaryo viloyatlarini ishonchli elektr energiyasi bilan taʼminlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

    Loyihaning asosiy faoliyati quyidagilardan iborat:

    • 6000 km past kuchlanishli elektr uzatish liniyalarini qurish va modernizatsiya qilish;
    • umumiy quvvati 250 megavolt-amper boʻlgan 1200 ta taqsimlovchi transformatorni almashtirish va oʻrnatish;
    • HET tarmoqlarida tijorat elektr yoʻqotishlarini kamaytirishga yordam beradigan 150 mingta “aqlli” hisoblagichlarni ulash;
    • taqsimlovchi tarmoqlarni avtomatlashtirish va raqamlashtirishni taʼminlash uchun 4000 ta maʼlumotlar konsentratorini oʻrnatish.