Jahon banki vakili bilan korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlar muhokama etildi

    Xalqaro hamkorlik 22 Sentabr 2022 1496

    Joriy yil 22-sentyabrda Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi Narimon Umarov Jahon banki vakili Daniela Felkman bilan uchrashdi.

    Unda Jahon banki bilan hamkorlikni mustahkamlash masalalari, shuningdek, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishga qaratilgan qonun hujjatlarini ishlab chiqish hamda qonun loyihalarida korrupsion omillarga yoʻl qoʻymaslik borasidagi amaliy ishlar muhokama etildi.

    Uchrashuv davomida mamlakatimizda 2026-yilgacha moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasiga muvofiq davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qoʻyishga qaratilgan 80 dan ortiq, shundan bevosita korrupsiyaga qarshi kurashish sohasini tartibga soluvchi 10 dan ziyod normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligi, shuningdek, “Korrupsiyasiz soha” loyihalari, “Yoʻl xaritalari” va dasturlar doirasida bir qator ijobiy yutuqlarga erishilayotganligi taʼkidlandi. Bu jarayonda Oliy Majlisning yuqori palatasida tashkil etilgan Milliy kengash faoliyati toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.

    Shuningdek, muhokamalar jarayonida “Manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish toʻgʻrisida”gi hamda “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar loyihalari haqida soʻz bordi.

    Korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishga qaratilgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yilda qabul qilingan “Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasida” korrupsiyadan holi mamlakat barpo etish belgilanganligi davlat idoralari, xususan, parlament oldiga bu boradagi ishlarni amalga oshirishda ulkan masʼuliyat yuklagani qayd etildi.

    Oʻz navbatida, Daniela Felkman Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi saʼy-harakatlardan yaxshi xabardor ekanini va ularga yuqori baholashini aytib oʻtdi.

    Uchrashuv yakunida parlament hamda Jahon banki oʻrtasida hamkorlikni yanada mustahkamlash, yangi loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.