Taʼkidlanganidek, Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksi Oʻzbekiston Respublikasi uchun ustuvor boʻlgan xalqaro reyting va indekslar roʻyxatiga kiritilgan boʻlib, Indeksda Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini yaxshilash uchun Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (hozirgi kunda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda uning huzuridagi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi) masʼul etib belgilangan.

Indeksning 2021-yil natijalariga koʻra, mamlakatimiz ilk bor xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik boʻyicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan 27 ta davlat qatoriga kiritilgan hamda 70,6 ball bilan 5 pogʻonaga yuqorilab, 190 ta davlat orasidan 134-oʻrinni (2019-yilda 139-oʻrin) egallagan. Biroq soʻnggi ikki yilda ushbu koʻrsatkich oʻzgarishsiz qolgan.

Indeksda Oʻzbekistonning pozitsiyasini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda uning huzuridagi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining axborotlari eshitildi.

Oʻzbekiston uchun ustuvor xalqaro reytinglar boʻyicha samaradorlikning eng muhim koʻrsatkichlariga (KPI) koʻra Indeksda mamlakatimiz 2021-yilda 73,7 ball va 2022-yilda 88,1 ball toʻplashi belgilanganligi, biroq ushbu koʻrsatkichlarga erishilmaganligi qayd etildi.

Majlis davomida Indeks doirasida muntazam past baholanib kelinayotgan tarkibiy indikatorlarida mamlakatimiz koʻrsatkichlarini yaxshilash maqsadida chora-tadbirlar belgilab olindi.

Xususan, Indeks bilan ishlashda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, shu jumladan hisobotni tuzishda ishtirok etuvchi xalqaro tashkilotlar hamda mahalliy ekspertlar bilan muloqot qilish, shuningdek, milliy qonunchilikni takomillashtirish kabi yoʻnalishlarda chora-tadbirlar tasdiqlandi.

Muhokamalardan soʻng mazkur masala yuzasidan Senat Kengashining tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.