Jahon banki tomonidan mamlakatlarning statistik salohiyatini oʻrganish va baholab borish maqsadida yangilangan uslubiyot asosida ishlab chiqilgan “Statistika faoliyati samaradorligi indeksi” (Statistical Performance Indicators — SPI)ning 2023-yil natijalari keng jamoatchilikka eʼlon qilindi.
Unga koʻra, Oʻzbekiston mazkur xalqaro reytingda 80,3 ball toʻplab, dunyoning 217 ta mamlakati orasidan 62 oʻrinni egalladi. Oʻzbekiston MDH mamlakatlari orasida 4 oʻringa koʻtarilgan.
Maʼlumot uchun: 2022-yil natijalariga koʻra, Oʻzbekiston mazkur xalqaro reytingda 74,1 ball toʻplab 79 oʻrinni egallagan.
Mazkur indeks mamlakatning statistik salohiyati, erishayotgan yutuqlari va milliy statistika tizimini rivojlantirish borasida olib borayotgan islohotlari natijalarini aks ettiradi.
Xususan, 2023-yil yakunlari boʻyicha Oʻzbekistonning “Statistika faoliyati samaradorligi indeksi”da 62oʻringa koʻtarilishiga xizmat qilgan omillar:
- milliy statistika tizimiga sifatni boshqarishning ilgʻor tizimlari GSBPM va GSIMlarning joriy etilishi;
- BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) global indikatorlari asosida Milliy Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) indikatorlarini shakllantirilishi va doimiy eʼlon qilib borilishi;
- milliy va xorijiy foydalanuvchilar uchun rasmiy statistika maʼlumotlarining maksimal darajada ochiqligi va shaffofligini, shu jumladan, respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatkichlari xalqaro statistik toʻplamlarda va maʼlumotlar bazalarida aks ettirilishi;
- Oʻzbekistonda milliy hisoblar zamonaviy tizimi “MHT-2008”ning amaliyotga toʻliq joriy etilishi shular jumlasidan.