Jahon chempionatlari qahramonlari munosib taqdirlanishdi

    Sport 19 Sentabr 2025 1017

    Boks, ogʻir atletika, baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha boʻlib oʻtgan jahon chempionatlarida yuqori natijalar qayd etgan sportchi hamda ularning murabbiylari taqdirlandi.

    Ularga Prezident sovgʻasi – BYD avtomobillari va bir martalik pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.

    Bu haqda Milliy olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.

    Musobaqalarda oltin medal olganlarga 15 ming dollar, kumush olganlarga 7500 dollar, bronza olganlarga 3750 dollar hamda ularning murabbiylariga esa mablagʻning teng yarmi hisobida bir martalik pul mukofoti berildi.

    Shuningdek, oltin medal sovrindorlariga BYD Song Plus Champion, kumush va bronza egalariga esa BYD Chazor avtomobillari kalitlari taqdim etildi.

    Sovrinlarni oʻz egalariga topshirgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sport boʻyicha vakili Odil Abdurahmonov, Sport vaziri Adham Ikramov hamda MOQ raisining birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov, sportchi va murabbiylarimizni qutlab, ularning kelgusi faoliyatlarida ham omad tiladi.

    Oʻz navbatida, taqdirlangan sportchi va murabbiylar nomidan soʻz olgan Ruslan Nurudinov, Abdumalik Xalokov, Toʻlqin Qilichev, shuningdek, Javohir Ummataliyevning otasi Turobjon Ummataliyev Prezidentimizga minnatdorchilik bildirib, davlatimiz tomonidan koʻrsatilgan bunday yuksak eʼtibordan mamnun ekanliklarini bildirishdi.