Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Smart Universitet”ga aylantiriladi

    Raqamlashtirish 25 Iyul 2022 3271

    “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tizimli isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ-330-son, 23.07.2022-y.) imzolandi

    2022/2023 oʻquv yilidan yangi avlod oliy taʼlim muassasasi – “Smart Universitet” konsepsiyasi asosida Universitet faoliyati transformatsiya qilinadi.

    Universitetda akademik faoliyat ilmiy-tahliliy yoʻnaltirilganlik va akademik yaxlitlik taʼlim texnologiyalari hamda ularni taʼminlovchi dasturiy-apparat kompleksi asosida, shu jumladan antiplagiat tizimini joriy etgan holda tashkil etiladi.

    Har yili Universitetning kamida 10 nafar professor-oʻqituvchilari, doktorantlari va magistrantlari xorijiy davlatlarning yetakchi taʼlim muassasalariga ilmiy stajirovka va malaka oshirish uchun yuboriladi.

    2025-yil 1-yanvargacha Universitet jurnalini Scopus xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazasiga kiritish choralari koʻriladi.

    Universitetga professor-oʻqituvchilariga ilmiy unvonlarni berish hamda ularni ishga qabul qilishda akademik mustaqillik negizida berilgan ilmiy unvonlar va ilmiy darajalarni tan olish vakolati beriladi.

    2022/2023 oʻquv yili ikkinchi semestrida Samarqand davlat universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Toshkent davlat yuridik universiteti bilan Universitet oʻrtasida talabalar almashinuvini nazarda tutuvchi ichki akademik mobillik dasturlari asosida taʼlim olish istagini bildirgan talabalar uchun bir semestr mos taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oʻqitish tashkil etiladi.

    2022/2023 oʻquv yilidan Universitetning iqtidorli talabalari ishlab chiqarish amaliyotini oʻtash uchun Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga yuboriladi.

    Universitet huzurida “Xalqaro munosabatlar: siyosat, iqtisodiyot, huquq” jurnali tahririyati tashkil etiladi.