Yaqinda bir guruh xalqaro tadqiqotchilar bu borada navbatdagi izlanishlarini yakunladi. Natijalar kutilganidek ijobiy boʻldi. Shu tariqa koʻz yoshi bezlari sekretsiyasi orqali inson organizmidagi kasalliklarni aniqlay oladigan yangi tizim ishlab chiqildi.
Bizga maʼlumki, anʼaviy diagnostikada asosan peshob, qon va tupuk kabi biologik belgilardan foydalanib kelinadi. “ACS Nano” jurnalining yozishicha, endi tibbiyot yanada oson va qulay tashxis jarayoniga ega boʻldi.
Toʻqqiz yuz nafar koʻngilli ishtirokida oʻtkazilgan tajribalar shuni koʻrsatdiki, yangi tizim koʻz yoshidan, avvalo, ekzosoma biomarkerlarini, soʻngra ulardagi oqsillarni samarali ajratib oladi.
Tadqiqot mualliflarining xulosasiga koʻra, bu yangilik nafaqat koʻz kasalliklari, balki qandli diabet, saraton kabi boshqa xastaliklarni ham tez va oson aniqlash imkonini beradi.