Goldman Sachs ma’lumotlariga ko‘ra, jahon neft zaxiralari keskin kamayib, sakkiz yillik eng past ko‘rsatkichga yaqinlashmoqda va ularning kamayib ketish darajasi Hormuz bo‘g‘ozi orqali tashiladigan neft hajmining cheklanganligi sababli xavotirga sabab bo‘lmoqda.
Dunyodagi eng yirik investitsiya banklaridan birining ma’lumotlariga ko‘ra, global neft zaxiralari atigi 101 kunlik iste’molga yetadi.
Bu ko‘rsatkich may oyi oxiriga kelib 98 kunga tushishi mumkin, deb xabar berdi kazinform.
Bank baholashiga ko‘ra, neft mahsulotlarining jahon zaxirasi AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushigacha 50 mln dollar bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda 45 mln dollargacha qisqargan.
Goldman Sachs ta’kidlaganidek, jahon bo‘yicha umumiy zaxiralar «ushbu yozda eng past operatsion darajaga yetishi ehtimoli kam, biroq ayrim hududlarda va ayrim mahsulotlar bo‘yicha neft zaxiralarining kamayishi hamda yetkazib berish xarajatlari xavotir uyg‘otmoqda».
S&P tahlilchilari ma’lumotiga ko‘ra, talab pasayganiga qaramasdan, aprel oyida neft zaxirasi kuniga o‘rtacha 6,6 mln barrelga kamaydi, bu kuzatuvlar tarixidagi ikkinchi eng katta pasayish hisoblanadi. Neftga bo‘lgan talabning keskin tushishi faqat koronavirus pandemiyasi davrida kuzatilgan.
Financial Times gazetasining ta’kidlashicha, asosiy ta’sir hali ham asosan Osiyo mamlakatlarida sezilsa-da, AQSh benzin zaxiralari yozgi ta’til mavsumining eng yuqori cho‘qqisida tarixiy eng past darajaga yetishi mumkin.