Unda pandemiya oqibatlarini bartaraf etish va mamlakatlarni pandemiyadan soʻng tiklashda ayollarning ishtirok etishi masalalari muhokama qilindi hamda dolzarb masalalarga parlamentning samarali taʼsir choralari koʻrib chiqildi.

Sammit ishtirokchilariga Oʻzbekistonda gender tenglik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Oʻzbekistonning pandemiyadan keyingi davrdagi ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida xotin-qizlarning eʼtiborini iqtisodiy ragʻbatlarga qaratib, ularning sohadagi ishtirokini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, ularga grantlar, kreditlar ajratish, shuningdek, qizlar, ayollarni oʻqitish va kasb-hunarlarga oʻrgatish boʻyicha tajribaga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, respublikada xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish borasidagi ishlar qayd etildi.

Parlamentlar ayol rahbarlarining navbatdagi 14-sammitini 2022-yilda Oʻzbekistonda oʻtkazish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Dunyo mamlakatlari parlamentlari ayol rahbarlari ishtirokida bunday yuqori darajadagi tadbir mamlakatimiz va umuman mintaqada ilk marotaba tashkil etiladi.

Sammitni Oʻzbekistonda oʻtkazish yuzasidan qabul qilingan ushbu qaror – bu jahon hamjamiyati tomonidan Oʻzbekistonning parlamentarizmni rivojlantirish borasidagi natijalari, gender siyosatidagi sezilarli yutuqlar, shuningdek, jamiyatni demokratlashtirish yoʻlida amalga oshirilayotgan tub islohotlar muvaffaqiyatlarining eʼtirofidir.