Forum BMT bilan hamkorlikda videokonferentsiya tarzida tashkil etildi. Sammitda Parlamentlararo ittifoqqa a’zo 180 ta mamlakat parlamentlari rahbarlari ishtirok etdilar. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ilk bor ishtirok etdi.

Keng ko‘lamli xalqaro veb-forum global darajada tinchlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlovchi samarali ko‘p tomonlarama yondashuvlarni ishlab chiqishga qaratildi.

So‘zga chiqqanlar tomonidan ta’kidlanganidek, konferentsiya mavzusi hozirda har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etgan. Zero, global pandemiya barcha mamlakatlar, shu jumladan rivojlangan davlatlar uchun ham misli ko‘rilmagan sinov bo‘ldi. Shu ma’noda anjuman ishtirokchilari ularning mamlakatlarida Parlament va xalqni yaqinlashtirish orqali davlat boshqaruvi tizimini rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdilar.

O‘zbekiston delegatsiyasi ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy islohotlarning borishi haqida ma’lumot berish imkoniga ega bo‘ldi. Ta’kidlanganidek, bugungi kunda xalq bilan muloqot -  O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlashning bosh mezoniga aylangan. Shu ma’noda mamlakatimizda so‘nggi yillarda parlamentning  demokratik yangilanish jarayonlaridagi rolini kuchaytirish, ijro etuvchi hokimiyat organlarining hisobdorligini oshirish, aholi va mas’ul ijrochilarga qabul qilingan qonunlar mazmun mohiyatini yetkazish va ularning so‘zsiz bajarilishini ta’minlash  bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgani ta’kidlandi.

Munozaralar chog‘ida ishtirokchilar mamlakatimizning bu sohadagi yutuqlarini e’tirof etdilar. O‘zbekistonning aholi bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, xotin-qizlarning mamlakat siyosiy va iqtisodiy hayotidagi o‘rnini kuchaytirish borasidagi tajribasi e’tiborga loyiq ekanligi qayd etildi. Aynan O‘zbekiston bu borada sezilarli ijobiy natijalarga erishayotgani alohida qayd etildi.

Shuningdek, ishtirokchilar 2030-yilgacha bo‘lgan davr uchun barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, iqlim o‘zgari munosabati bilan yuzaga kelayotgan favqulodda vaziyat, Parlamentlararo ittifoqqa a’zo mamlakatlarning iqtisodiy barqarorligini ta’minlash, shuningdek, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash masalalarini muhokama qildilar.

Jahon parlament rahbarlarining konferentsiyasi 5 yilda bir marotaba o‘tkaziladigan nufuzli forum bo‘lib, har bir davlatning xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlash va parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish borasida katta siyosiy ahamiyatga ega. 

Virtual konferentsiya yakunlariga ko‘ra parlamentlar birdamligi borasidagi deklaratsiya qabul qilindi.