Jahon savdo tashkiloti masalalari boʻyicha maxsus vakil lavozimi joriy qilindi

    Mamlakatimizda 6 Iyun 2023 2329

    “Oʻzbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonini jadallashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–181-son, 02.06.2023-y.) qabul qilindi.

    Qarorga muvofiq, Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash boʻyicha idoralararo komissiyaning yangilangan tarkibi tasdiqlandi.

    Qaror bilan Prezident Administratsiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Jahon savdo tashkiloti masalalari boʻyicha maxsus vakili lavozimi tashkil qilindi.

    JSTga aʼzo boʻlish jarayonini jadallashtirish, masʼul vazirlik va idoralar faoliyatining natijadorligini taʼminlash boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish maxsus vakilning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

    Qarorga koʻra:

    • Adliya vazirligiga maʼmuriy islohotlar doirasida milliy qonunchilikni JST bitimlariga uygʻunlashtirish funksiyasi yuklandi;
    • Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi markaziy apparatida Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash va savdo muzokaralari departamenti tashkil etildi;
    • Oʻzbekiston Respublikasining Jeneva shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti boʻlinmasi va boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakolatxonasida JST masalalari boʻyicha birinchi kotib lavozimi kiritildi.

    2023-yil 1-iyuldan JST qoida va meʼyorlariga muvofiq boʻlmagan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish taqiqlanadi.