Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining mamlakatdagi vakolatxonasi tomonidan amalga oshiriladigan loyiha COVID-19 ga samarali, tez va muvofiqlashtirilgan javob qaytarishga qaratilgan boʻlib, tibbiyot muassasalarining tibbiy va birinchi boʻgʻin xodimlariga shaxsiy himoya vositalarini taqdim qilishga alohida urgʻu beradi.

Bugungi kunda Oʻzbekistondagi mavjud deyarli barcha shaxsiy himoya vositalari (SHHV) COVID-19 ga chalingan bemorlarni va ular bilan aloqa qilganlarni aniqlash, saralash, tekshirish, yakkalash va davolash uchun ishlatiladi. Bu hol COVID-19 gumon qilingan yoki tasdiqlangan holatlardan tashqari boshqa bemorlarga, masalan, tugʻruqxona, sil va OITV klinikalari, stomatologiya, poliklinika va shu kabilarda xizmat koʻrsatayotgan tibbiy xodimlarning katta qismini himoyasiz qoldiryapti.

Shunday ekan, JSST tavsiya qilgan SHHVni nafaqat COVID-19 ga chalingan bemorlar bilan ishlayotgan tibbiy xodimlar uchun, balki boshqa sogʻliqni saqlash xizmat va muassasalaridagi tibbiy xodimlar uchun ham xarid qilish COVID-19 tarqalishini kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

- Tibbiy xodimlar har kunimizning qahramonlaridir va bizni himoya qilayotganda ular xavfsiz ishlay olishiga biz amin boʻlishimiz shart. Ushbu loyiha Oʻzbekistonga pandemiyaga javob choralari doirasida Yevropa hamjamiyati ajratgan 36 million yevro yordamining asosiy qismini oʻzida mujassam etadi, — dedi Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi ishonchli vakili Yussi Narvi.

-Yetarli darajada xarid qilingan sifatli shaxsiy himoya vositalari mamlakatdagi barcha tibbiy xodimlarga yetkazish uchun yetarlicha boʻlib, bu tibbiy xodimlar orasida kasallik tufayli yana yoʻqotishlar roʻy berishining oldini olishga va aholi orasida COVID-19 holatlarini kamaytirishga xizmat qiladi, — dedi JSSTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari doktor Lianne Kuppens.

Yevropa Ittifoqining moliyaviy koʻmagi va Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligining yaqindan hamkorligi natijasida loyiha keyingi 2 yilga mamlakatdagi barcha tibbiy xodimlar uchun yetarli miqdorda va yuqori sifatli SHHV sotib olish orqali infeksiyalar profilaktikasi va infeksion nazorat choralarini mustahkamlaydi.