Mamlakatimizda ilm-fan rivojini jahon andozalari darajasiga koʻtarish, xususan, xalq farovonligi, dasturxoni obodligiga bevosita taʼsir etuvchi soha — qishloq xoʻjaligini ilgʻor texnologiyalar asosida taraqqiy ettirish islohotlar silsilasidagi muhim boʻgʻinni tashkil etmoqda. Ayniqsa, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash masalasi kun sayin dolzarblashayotgan pallada qishloq xoʻjaligi kadrlari sifatini, oʻqitish samaradorligini oshirishda chet elning nufuzli oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik kelgusida oʻzining samarasini berishi shubhasiz.

Shu maʼnoda, Prezidentimizning joriy yil 7-maydagi qaroriga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Buyuk Britaniya Qirollik qishloq xoʻjaligi universiteti (Royal Agriculture University) hamkorligida Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti tashkil etilgani muhim voqea boʻldi. Bungacha oʻtgan yilning noyabr oyida Qishloq xoʻjaligi vazirligi delegatsiyasi Buyuk Britaniyaning Qirollik qishloq xoʻjaligi universitetida muzokaralar oʻtkazib, xalqaro oliy taʼlim muassasasini ochish boʻyicha kelishuvga erishgan edi.

Royal Agriculture University 1842-yilda tashkil etilgan boʻlib, mamlakatda soha mutaxassislarini tayyorlash boʻyicha 5-oʻrinda turadi. Ushbu oliy t aʼlim muassasasi vasiylik kengashi raisi shahzoda Charlzdir.

Prezidentimiz qaroriga koʻra, Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab 200 nafar talabani grant asosida oʻqishga qabul qiladi. U toʻliq akademik va moliyaviy mustaqil davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanib, oʻquv jarayoni ingliz tilida olib boriladi.

Ushbu oliy oʻquv yurti vaqtincha Toshkent davlat agrar universiteti hududida joylashtiriladi. Hujjatda belgilangandek, universitetning ustuvor maqsadi qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar tizimi doirasida agrar sohaning zamonaviy tarmoqlari uchun xalqaro talab va standartlarga muvofiq yuqori malakali kadrlar tayyorlash, yetakchi xorijiy universitetlar bilan uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirishdir.

Shuningdek, ilm va innovatsiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish, agrotexnologiyalarni rivojlantirish va ekologik barqarorlikni taʼminlash, sohada biznes va operativ samaradorlikni ishlab chiqishni qamrab oladigan ilmiy tadqiqotlar olib borish koʻzda tutilmoqda. Bundan tashqari, universitet zimmasiga zamonaviy talablar asosida ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, soha mutaxassislari malakasini oshirish, qayta tayyorlash yuklanmoqda.

Mazkur faoliyatni amalga oshirishda oʻquv rejalari, fan dasturlarini Qirollik qishloq xoʻjaligi universiteti tasdiqlaydi. Oʻquv materiallari, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar bilan taʼminlaydi. Yosh istiqbolli ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlashga, ularning xorijda malaka oshirishiga koʻmaklashadi hamda professor-oʻqituvchilar va doktorantlar uchun xalqaro tajriba almashinuvini tashkil etadi.

Universitetda fan-texnikaning eng soʻnggi yutuqlarini taʼlim jarayoniga joriy etgan holda, aqlli qishloq xoʻjaligi (Smart Agriculture), biotexnologiya, agroiqtisodiyot, agronomiya, biotexnologiya, chorvachilikni rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligi, agrologistika yoʻnalishlarida yuksak malakali kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. Oʻquv jarayonini boshlash uchun Qirollik qishloq xoʻjaligi universiteti va boshqa xorijiy oliy taʼlim muassasalarining 12 professori jalb etilib, ular tomonidan 16 nafar mahalliy professorning malakasi oshiriladi.

Kelajakda xorijlik professorlar soni 40 nafarga, mahalliy professorlar soni 100 nafarga yetkaziladi. Asosiysi, universitet bitiruvchilariga Qirollik qishloq xoʻjaligi universitetining Oʻzbekiston Respublikasida tan olinadigan diplomi beriladi hamda qabul qilish parametrlari va tartibi, yakuniy attestatsiyasi tartibi mazkur oliygoh bilan kelishgan holda belgilanadi. Shuningdek, universitetda agrar sohani rivojlantirish, jahon tendensiyalari va tajribasini aks ettirishga moslashgan “Science-based, practiceoriented” (ilmga asoslangan amaliyot) shiori ostida malakali kadrlar tayyorlanadi.

Bundan tashqari, Xalqaro qishloq xoʻjaligi universitetida talabalarning tahliliy fikrlash, moslashuvchanlik, muammolarni hal qilish, nazariy bilimlarni amaliyotga joriy qilish, tadqiqot koʻnikmalari rivojlantiriladi. Shu oʻrinda aytish joizki, Xalqaro qishloq xoʻjaligi universitetini tashkil etish borasida Niderlandiyaning Vageningen universiteti, AQSHning Missisipi hamda Missuri universitetlari, Germaniyaning Leybnis instituti, Ispaniyaning Kastil La Masha universiteti bilan ham kelishuvlarga erishildi.

Xususan, Kastil La Masha universiteti magistratura mutaxassisligini tashkil etishda amaliy yordam koʻrsatadi. Qarorga koʻra, qishloq xoʻjaligi sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida “Capacity Building Center” tarmoq markazi tashkil etilmoqda. Unda sohadagi davlat idoralari, shuningdek, fermerlar, klas terlar rahbarlari va mutaxassislarini qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish, shuningdek, soha mutaxassisligini qisqa muddatli professional oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi.

Markaz sohadagi oliy va professional taʼlim hamda ilmiy muassasalarda ilmiy salohiyatni yuksaltirish, jumladan, sohadagi muammolarning ilmiy yechimini topishga oid doimiy tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar olib borish, nufuzli jurnallarda tadqiqotchilarning maqolalarini chop etishga koʻmaklashadi. Universitetning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va modernizatsiya qilish bilan bogʻliq xarajatlar uchun Yevropa Ittifoqi va Jahon bankining grantlari jalb etiladi.