Jahongir Ortiqxo‘jaev Qirg‘iziston Respublikasi elchisi bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 13 Yanvar 2022 803

    Toshkent shahar hokimligida Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ibragim Djunusov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

    Mehmonni samimiy kutib olgan shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida barcha sohalarda hamkorlik rivojlanib borayotganligi, ikki davlat rahbarlarining oliy va yuqori darajadagi uchrashuvlari hamda ularda erishilgan kelishuvlar o‘zaro aloqalar har tomonlama mustahkamlanishiga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.

    O‘z navbatida Ibragim Djunusov yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari tamoyillariga asoslangan konstruktiv, serqirra hamda o‘zaro manfaatli hamkorlik ikki davlat tashqi siyosatlarining ustuvor yo‘nalishlaridan ekanligini bildirdi. Yuksak martabali mehmon yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi. Ayniqsa, O‘zbekiston hukumatining Qirg‘izistonga ko‘rsatayotgan beg‘araz yordamidan mamnunligini bildirdi.

    Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi O‘zbekistondagi xizmat faoliyati yakunlanayotganligini, o‘tgan davrdagi faoliyati samarali bo‘lganligini, yurtimiz, o‘zbek xalqi, Toshkent shahridagi o‘zgarishlar unda katta taassurot qoldirganligini qayd etdi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.