Anchadan buyon poytaxtimizning Beshyogʻoch maydoni tomon yoʻli tushmagan yurtdoshlarimiz bugun maydon roʻparasida qad rostlagan sehrli shaharcha — “Magic City”ni koʻrib, hayratga tushishlari aniq. 2020-yilning 11-yanvar kuni “Hilton” mehmonxonasida taqdimoti boʻlib oʻtgan loyiha pandemiya sababli oʻtgan yili foydalanishga topshirilmay qolgandi. Sehrli shaharchaning Xalqaro bolalar kunida ochilishi Oʻzbekiston xalqiga, ayniqsa, bolajonlarga munosib tuhfa boʻldi.
Registondan Big-Bengacha
9 gektar maydonda amalga oshirilgan loyihaning birinchi qismidagi darvozadan kiraverishda chap tarafda joylashgan Registon maydoni eʼtiboringizni tortadi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qurilgan bu maydon, garchi Samarqand Registonidan biroz kichik boʻlsa-da, mazkur tarixiy obidani koʻrish istagidagi koʻplab yurtdoshlarimizga ulkan taassurot ulashadi, qolaversa, dunyo moʻjizalaridan qolishmas milliyligimiz ramzi boʻladi. Bir muddat oʻzlarini Samarqandda his qilgan yurtdoshlarimiz sayr davomida dunyoning oʻttizdan ziyod mamlakatiga tegishli mashhur binolar oralab yurar ekan, goʻyoki oʻsha manzillarga sayohat qilgandek boʻladi.
Binolar 11 ta tematik koʻchada joylashgan. Ularning har biri tashrif buyuruvchilarni hayratga solishi aniq. Masalan, Amsterdam koʻchasi qadimiy “suzuvchi” binolarga oʻxshash uylar bilan fayzli boʻlsa, Barselona koʻchasidagi binolar Antonio Gaudi uslubida barpo etilgan tabiiy allyuziyalar bilan toʻldirilgan. Londondagi mashhur Big-Ben ham qarshingizdan chiqib, oʻzining mahobati bilan hayratingizni oshiradi.
Shuningdek, mashhur Kolizey shaklidagi katta amfiteatr ham hech kimni befarq qoldirmasligi aniq. Shu oʻrinda aytish joizki, binolar arxitekturasi “Sanderson Grupp” kompaniyasi tomonidan ishlangan.
Italiya, Rossiya, Fransiya, Turkiya, Niderlandiya, Buyuk Britaniya kabi davlatlarga daxldor nomdagi koʻchalarning har birida maxsus doʻkonlar joylashgan. Doʻkonlardan mazkur davlatlarga xos taomlaru kiyim-kechaklarni xarid qilishingiz mumkin. Ayniqsa, Misr koʻchasi diqqatingizni tortadi. Ehromlar ostida joylashgan oilaviy koʻngilochar maskandagi 20 ga yaqin eng zamonaviy attraksion italiyaliklar bilan hamkorlikda tanlangan.
Asosiy eʼtibor — bolalarga
Poytaxtimizda koʻngilochar maskanlar, zamonaviy oromgohlar koʻp. Ammo ularning birontasi qish faslida faoliyat yuritmaydi. Shu maʼnoda sehrli shaharcha hududidagi “Magic park” qishda ham eng qaynoq nuqta boʻlishi aniq. Birinchi kunning oʻzidayoq sehrli park minglab jajji bolajonlarga xizmat koʻrsatdi. Zero, attraksionlarning aksariyati ular uchun moʻljallangan.
— Prezidentimizga ming rahmat. Bugun bolalarimizning baxtli boʻlishi uchun barcha sharoitlar muhayyo. Koʻrib hayratga tushganimiz bu sehrli shaharcha esa chinakamiga moʻjizaviy bayram tuhfasi boʻldi. Uch kun davomida bu yerdagi barcha xizmat turlarining bepul boʻlishi dunyodagi eng bolajon xalq ekanimizdan dalolat. Bunday sharoitlarda ulgʻayayotgan bolalar, albatta, baxtli, saodatli boʻladi, — deydi poytaxtning Yangihayot tumanilik Gulchehra Ermamatova.
Darhaqiqat, uch kun davomida shaharchada ming-minglab ertamiz egalari bolalikning eng baxtiyor onlarini oʻtkazadi, ertaklardagi tasavvurlarini koʻz oʻngida koʻrib zavqlanadi. Shuningdek, bu yerda eng zamonaviy bouling zali ham joylashgan. Misr qismidagi 6 ta kinozaldan iborat zamonaviy kinoteatr ham diqqatga sazovor. Texnik jihatdan mukammal lazer proyektorlar bilan jihozlangan mazkur kinoteatr bir vaqtning oʻzida 450 tomoshabinga xizmat koʻrsata oladi. Bundan tashqari, Kolizey nusxa amfiteatr 650 kishilik. Maydoni 8,5 ming kvadrat metr boʻlgan, 65 metr balandlikka otiluvchi musiqiy favvoralar esa xitoylik hamkorlarimiz mehnati mahsuli. Olov purkovchi moslamalar bilan yana-da koʻrkamlik kasb etgan favvora rang-barang jilvalanib, har qanday insonning eʼtiborini tortishi aniq. Yana bir diqqatga sazovor obyekt “Magic City”ning qoq markazidagi qasr boʻlib, uni bunyod etishda Bavariyadagi Noyshvanshtayn meʼmoriy yodgorligidan andoza olingan.
Markaziy Osiyoda yagona boʻlajak ulkan okeanarium ishga tushirilsa, goʻyoki dengiz tubiga tushib qolgandek sezasiz oʻzingizni. Interfaol usulda qurilgan okeanariumga kirgan inson gʻayrioddiy taassurotlarga ega boʻladi. Baliq turlari alohida-alohida boʻlimlarga joylashtiriladi. Hozircha uni tashqi tomondan tomosha qilish mumkin. Okeanarium avgust oyida ishga tushishi rejalashtirilmoqda. Mutasaddilar bergan maʼlumotlarga koʻra, unda 3000 ga yaqin turdagi 10 mingdan ziyod baliq, hatto akulalarni tomosha qilish mumkin.
— Milliy bogʻdagi koʻl, daraxtlar saqlanib qolingan hududda loyihaning ikkinchi bosqichi — qasr koʻrinishidagi inshootning orqa tarafidagi 12 gektar maydonda maxsus gʻoya asosida bezatilgan bogʻ, bolalar uchun avtodrom va 30 dan ziyod attraksion hamda akvapark quriladi, — deydi “Magic city” loyihaci menejeri Bobur Tursunov.
Oʻylaymizki, sehrli shaharcha ertamiz egalariga baxtli bolalik, zavqu shavq bagʻishlashga, eng muhimi, ularning yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon, baxtli hayot kechirishiga xizmat qiladi.
Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri