Yangi hayot tumanida joylashgan “Teremok” nomli 109-maktabgacha taʼlim muassasasida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 538-yilligiga bagishlangan tadbir oʻtkazildi.
— Bobur oʻzbek mumtoz adabiyotining zabardast vakili, buyuk davlat arbobi, mohir sarkarda, olim va shoir, oʻz davrining buyuk mutaffakkiri sifatida nom qozongan buyuk ajdodimizdir, – deydi maktabgacha taʼlim muassasa rahbari Aziza Toshmatova. – Bobur ijodi insonni komillikka chorlovchi ulkan maʼnaviy meros. Albatta, taʼlim va tarbiya jarayonida buyuk bobokalonimiz ijodining bugungi yosh avlod maʼnaviy hayotida alohida oʻrni bor. Uning asarlaridagi ezgulik va adolat, sadoqat va vatanparvarlik tuygʻularini bogʻcha yoshidagi bolajonlarimiz hozirdan his etishi hamda anglashi juda muhim.

Tadbir davomida guruh rahbarlari Gulfina Asqarova va Zuhra Azizova tayyorlagan “Yaxshilik qil” deb nomlangan sahna koʻrinishlari namoyish etildi. Ushbu sahna koʻrinishida Doniyorjon Azimov, Arslan Salimov, Farzona Boltaboyeva, Samiya Rasulova va boshqa tarbiyalanuvchilar, oʻzlari yod olgan sheʼrlari va sahna koʻrinishlarini maroq bilan ijro etishdi.
— Ayniqsa, Bobur ijodini oʻrganish bolajonlarimizning mumtoz adabiyotga, notiqlik sanʼatiga boʻlan qiziqishini oshirishi, shubhasiz. Bogʻcha yoshidagi bolajonlarimizga ulugʻ bobokalonimizning tugʻma isteʼdodi va ezgu ishlari haqida koʻp va xoʻp hikoyalar aytib berishimiz kerak, — deydi taʼlim muassasa psixologi Nargiza Qurbonova.
Tadbir sheʼr, kuy-qoʻshiq va raqslarga ulanib ketdi. Ayniqsa, muassasa tarbiyalanuvchilari tomonidan oʻtkazilgan jajji gʻazalsevarlar mushoirasi bolajonlar va ota onalarga katta quvonch bagʻishladi.
Dilshoda AZIMOVA,
pedagog