Jaloliddin Manguberdi izdoshlarining kamolot maskani

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-mart kuni Urganch shahridagi Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseyni borib koʻrdi.

    Taʼlim muassasasi 2023-2024 oʻquv yilidan faoliyat boshlagan. 300 oʻrinli zamonaviy binoda yoshlarning taʼlim-tarbiya olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ular bu yerda aniq fanlar yoʻnalishida ikki yil taʼlim oladi.

    Oʻquv xonalari eng soʻnggi rusumdagi multimedia va kommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan. Litsey axborot-resurs markazida 7 mingdan ortiq oʻquv va badiiy kitoblar, 11 mingdan ortiq elektron adabiyotlar bor. U viloyatdagi oliy taʼlim muassasalari hamda Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi tarmogʻiga ulangan.

    Shuningdek, bu yerda Jaloliddin Manguberdi muzeyi, yopiq turdagi sport zal hamda ochiq maydondagi sport shaharchasi, saf maydoni, oshxona va yotoqxona mavjud.

    Oʻquvchilar darsdan tashqari oʻndan ortiq fan, axborot texnologiyalari, ijodiy toʻgaraklar hamda sport mashgʻulotlarida ishtirok etadi. Bepul kiyim-kechak, toʻrt mahal issiq ovqat bilan taʼminlanadi.

    Davlatimiz rahbari muassasa, bu yerdagi taʼlim jarayonlari bilan tanishdi. Oʻqituvchi va oʻquvchilar bilan suhbatlashdi. Jaloliddin Manguberdining vatanparvarligi, jasorati yosh avlod uchun ibrat ekanligi taʼkidlandi.

    - Bu yerda aniq fanlar oʻqitilishi yaxshi. Shu bilan birga, dars jarayonlarida vatanparvarlik tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratish, qadriyatlarimizni ham oʻrgatish lozim. Shunday boʻlishi kerakki, milliy ruh va gʻurur yoshlarning eng kuchli quroli boʻlishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Harbiy-jangovar qudrat, yuksak maʼnaviy salohiyat yurt himoyachilarining muhim tayanchi ekaniga urgʻu berildi.

    Litsey Urganch davlat universiteti hamda Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti bilan hamkorlik oʻrnatgan. Shuningdek, Urganch shahridagi 3-umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari bilan harbiy-vatanparvarlik tadbirlari, sport musobaqalari oʻtkazib kelinmoqda. Bu tashabbusni boshqa maktablar bilan ham keng koʻlamda tashkil etish rejalashtirilgan.

    Shuning bilan Xorazm viloyatiga tashrif yakunlandi, davlatimiz rahbari Toshkentga qaytib keldi.