Jamiyat foydasiga salkam 2,5 mlrd soʻm undirib berildi

    Majburiy ijro byurosi Toʻraqoʻrgʻon tuman boʻlimi tomonidan olib borilgan ijro harakatlari davomida Fargʻona shahrida joylashgan jamiyat foydasiga yirik miqdordagi qarzdorlik undirib berildi.

    Maʼlum boʻlishicha, Fargʻona tumanlararo iqtisodiy sudining 2021-yil 21-aprel kunidagi ijro varaqasiga asosan daʼvogar “ASL GRAND OIL” MCHJ foydasiga javobgar “SAYRAM SANOAT INVEST” jamiyatidan 2.415.229.718 soʻm undirish belgilangan. Mazkur ijro hujjati Byuroning Toʻraqoʻrgʻon tuman boʻlimi ish yurituviga olingan va qaror qabul qilinib, taraflarga yuborilgan.

    Davlat ijrochisi tomonidan qarzdorlikni toʻliq bartaraf etish yuzasidan 15 kunlik ixtiyoriy muddat berilgan. Biroq, bu muddat ichida qarzdorlik toʻliq bartaraf etilmagani uchun majburiy ijro harakatlari olib borilgan. Jamiyatga tegishli mol-mulklar xatlanishi jarayonida qarzdorlikni toʻlash uchun mablagʻ yetmasligi maʼlum boʻldi.

    Shundan soʻng, “SAYRAM SANOAT INVEST” jamiyatining qator korxona, tashkilotlardagi mavjud 2,8 mlrd soʻm haqiga qaratildi. Olib borilgan ijro harakatlari davomida jamiyat foydasiga belgilangan qarzdorlik aynan jamiyatning haqlarini undirib berilishi hisobidan amalga oshirildi. Ijro hujjati amalda tamomlandi.

    Gʻayratbek Botirov,

    MIB Toʻraqoʻrgʻon tuman boʻlimi davlat ijrochisi