Jamiyat maʼrifatli sari intilsa...

    Fikr 22 Sentabr 2022 2317

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan eʼlon qilingan grant tanlovida “Maʼrifatli jamiyat sari” nomli loyiha gʻolib boʻldi.

    Quvonarlisi, ushbu loyiha tumanimiz aholisining bugungi kundagi hayotidan, uning maʼnaviy ehtiyojidan kelib chiqib tayyorlangan.

    Shundan kelib chiqqan holda loyihaning mavzusi va maqsadi aholiga islohotlarning mazmun-mohiyatini yetkazish, ularning ongi, maʼnaviy-maʼrifiy dunyoqarashini oʻzgartirish, mahallalarda “Jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi asosida keng targʻibot ishlarini tizimli tashkil etishga qaratilgan.

    Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Tuproqqalʼa tuman boʻlinmasi ushbu loyiha doirasida, qisqa davr mobaynidagi faoliyati davomida bir qator ishlarni amalga oshiryapti. Xususan, “Sharlauq”, “Muhabbat” mahallalarida hamda tumanning olis hududida joylashgan “Tuproqqalʼa maskani”, “Hazorasp”, “Sarimoy”, “Nukus” mahallalarida “Jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi asosida “Yangilanayotgan Oʻzbekistonda maʼrifatli jamiyat qurish omillari”, “Kitob-maʼrifatli jamiyatning yoʻl koʻrsatgichi”, “Terrorizm va ekstremizm-tinchlik kushandasi” va “Oila — millat taraqqiyoti manbai” mavzularida maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot tadbirlari, madaniy dasturlarni amalga oshirib kelyapti.

    Tadbirlarda ishtirokchilar mahalla aholisi, ayniqsa, yoshlar orasida xalqimizning maʼnaviy va axloqiy qadriyatlarida vatanparvarlik, insoniylik, milliy iftixor, diniy bagʻrikenglik tuygʻularini shakllantirish, aholining maʼnaviy qadriyatlariga ehtirom bilan munosabatda boʻlish, muqaddas dinimiz, anʼana va urf-odatlarimiz, bebaho tarixiy merosimizni saqlab qolish va rivojlantirish, aholi va ayniqsa yoshlarda diniy ekstremizm, terrorizm, diniy mutaassiblikning asl mohiyati haqida aniq tasavvurlar paydo qilish, zamonaviy diniy oqimlarning maqsad va faoliyat shakllari, ularni fosh qilishning ilmiy-maʼrifiy asoslari haqida batafsil axborotlar berish, aholining yurtimizdagi ijtimoiy-siyosiy, siyosiy islohotlardan xabardorlik darajasini oshirish kabi masalalarda targʻibot ishlarini olib boryapti.

    Fatima Seydabdullayeva,

    Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

    Tuproqqalʼa tuman boʻlinmasi rahbari.