Bugungi kunda xorijiy tillarni o'rganishga qaratilgan e'tibor xalqaro hamjamiyatda buyuk ajdodlarimiz tomonidan qoldirilgan an'analarni talab darajasida davom ettirish, rivojlantirish yo'lidagi harakatlarini faollashtirayotgani hech kimga sir emas. Ushbu harakatlar mamlakatimizda har jihatdan qo'llab — quvvatlanmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2021 yil 19 mayda e'lon qilingan “O'zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o'rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida xorijiy tillarni o'rgatishni ta'lim siyosatining ustuvor yo'nalishi sifatida rivojlantirish, ushbu yo'nalishda ta'lim sifatini tubdan oshirish, sohaga malakali pedagoglarni jalb etish hamda aholining xorijiy tillarni o'rganishga bo'lgan qiziqishini oshirishga katta e'tibor qaratilgan.

Xalqaro hamjamiyatga dadil odimlar bilan kirib borayotgan yurtimiz uchun, uning aholisi uchun bu qaror juda katta tuhfa bo'ldi. “Til — jamiyat taraqqiyoti, inson hayotining ajralmas qismidir. Inson uchun buyuk in'om bo'lgan til muloqot vositasi bo'lishi bilan bir qatorda, olamni bilish, to'plangan bilimni saqlash, uzatish, boyitishning asosiy manbasi hisoblanadi. Bilim to'plash, axborot tarqatishdan xoli hech qanday taraqqiyot, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy rivojlanishni tasavvur qilib bo'lmaydi. Bunday taraqqiyot, o'z navbatida, til tizimidagi o'zgarishlarga ta'sir o'tkazishi muqarrar. Shuning uchun ham tilni hurmat qilish, uni qadirlash qadimdan qolgan an'ana”.

Bugungi kun talablari asosida chet tillarni o'zlashtirish deganda barcha sohadagi mutaxassislarimiz tomonidan chet tilida ravon gaplashish, muloqot mahoratiga erishish nazarda tutiladi. Biz yashayotgan asrda chet tillarni o'zlashtirish bilimni baholash tizimiga ko'p jihatdan bog'liqligini qayd etish maqsadga muvofiqdir. Bu esa, o'zlashtirilayotgan bilim, ko'nikma va malakalarni zamonaviy testlar yordamida tekshirib borishni taqozo etadi. Bilimni talab darajasida baholash sifatli, bugungi kun talabiga javob beradigan testlarni yaratilishiga ko'p jihatdan bog'liq.

Biz bir o'ta muhim narsani yodimizda tutishimiz kerak, u ham bo'lsa – bilimni nazorat qilish, o'zlashtirilayotgan bilim, ko'nikma va malakalar davlat siyosatiga kiritilgan, demak, davlat tomonidan doimiy ravishda tekshirilib boriladigan o'ta muhim ishlardan biridir.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 19 maydagi “Xorijiy tillarni o'rganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida xorijiy tillarni bilish darajasini baholovchi xalqaro tan olingan sertifikatlarning ro'yxatini hamda xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlarning darajalari o'rtasidagi muvofiqlikni tasdiqlash Agentlikning chora-tadbirlar rejasiga kiritilgan.

Ingliz tili o'qituvchilarining xalqaro tan olingan malaka oshirish kurslari (TKT, TESOL, TEFL, CELTA va boshq.)da sertifikatlashtirish tizimini tashkil qilish maqsadida Agentlik mutaxassislari tavsiya etilgan testlar qatorida Linguaskill testi bazasini o'rganib, tahlil qilib chiqishdi.

Linguaskill testi Cambridge Assessment English ekspertlari tomonidan tuzilgan bo'lib, 14 yoshdan katta til o'rganuvchilar uchun umumiy ingliz tili darajasini aniqlash, talabalar kursni bitirishi va til bilish qobiliyati uchun izchil va mustaqil ma'lumot topishi, xodimlar uchun ishga kirish va lavozim oshishi, yutuq va kamchiliklarni ko'rsatishda, nomzodlarni tegishli kursga joylashtirishda va CEFR A1-C1 darajasiga teng barcha darajadagi test topshiruvchilar uchun tavsiya etiladi.

Bo'lajak chet til o'qituvchilari qayd etilgan testlar oldiga qo'yilgan maqsad va vazifalarni talab darajasida o'zlashtirib, kundalik ta'lim jarayonida ulardan unumli foydalana olishlari davrimiz talabidir. Ta'lim muassasalari o'qituvchi va talabalar bilishi kerak bo'lgan bir jiddiy masala bor, u ham bo'lsa, unumli foydalanilgan testlar zamonaviy nafaqat til o'rganuvchilar bilim darajasini, balki dars olib borayotgan o'qituvchining ham chet til bilan bog'liq amaliy va nazariy bilimi to'g'risida, zamonaviy metodlardan boxabar bo'lib, ulardan qay darajada unumli foydalanayotganligining ham ko'rsatgichidir. SHunday ekan, o'quv jarayoniga testlardan faol, talab darajasida foydalanish — milliy manfaatlarimizni ta'minlashga o'zining jiddiy hissasini qo'shadigan vosita sifatida jiddiy qarashimiz kerak.

Nazira NURMATOVA,

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni o'rganishni ommalashtirish agentligining

Hududlarda xorijiy tillarni o'rganishni ommalashtirish bo'limi bosh mutaxassisi