Mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilib, jamiyatni yangilash yoʻlida tub oʻzgarishlar roʻy beryapti. Mazkur ezgu amallar diniy va milliy qadriyatlarimizni yanada yuksaltirish borasida ham muhim oʻrin tutyapti.
Tarixiy obidalar, muborak qadamjolar va ziyoratgohlarning obodonlashtirilishi, masjid va madrasalar faoliyatining yoʻlga quyilishi, oʻzbek xalqi hamda Oʻzbekistonda yashovchi turli millat vakillarining milliy va diniy marosimlari, shuningdek, anʼanaviy bayramlarining oʻtkazilayotgani buning yaqqol dalildir.
Eʼtiborlisi, keyingi yillarda Oʻzbekiston fuqarolari uchun Haj kvotasi 3 barobarga oshirilib, Umra ziyoratiga kvotalar toʻliq bekor qilindi. Ulugʻ ajdodlarimizning diniy-maʼrifiy salohiyatini dunyoga tanitish maqsadida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilib, oʻz faoliyatlarini koʻrsata boshladi.
Senatorlar tomonidan maʼqullangan Qonun va Konsepsiya bilan fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini taʼminlash va Oʻzbekiston Respublikasi dunyoviy davlat ekanligiga oid konstitutsiyaviy qoidalarni roʻyobga chiqarishga hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplari, ustuvor yoʻnalishlari va ularni amalga oshirish mexanizmlari belgilanyapti.
Shuningdek, ushbu hujjat bilan belgilanayotgan asosiy vazifalarning bajarilishi ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida parlament komissiyasi tashkil etilishi nazarda tutilyapti, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Konsepsiyaning qabul qilinishi diniy bagʻrikenglik va konfessiyalararo totuvlikni taʼminlashga asoslangan munosabatlar modelini rivojlantirishning tashkiliy-huquqiy asoslari takomillashishiga, jamiyatda totuvlik, ijtimoiy hamjihatlik va birdamlik muhiti mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.