Xorazm viloyati Yangibozor tumanidagi Xalqobod mahallasida yashaydigan Intizor Rahimova hayotda ko'p qiyinchilikni boshidan kechirdi. Mo'may pul topish ilinjida chet elga ketdi. Lekin orzulari puchga chiqdi...
Ona yurtiga kasalmand bo'lib qaytgan mushtipar ayol ikki farzandi bilan xaroba uyning bir burchagida kun ko'ra boshladi.
Bundan bir oy oldin tuman hokimi O'ktam Qurbonov boshchiligidagi sektor mudirlari Intizor opaning abgor ahvolga kelib qolgan uyida bo'lgan edi. O'shanda muammolar o'rganilib, mas'ullarga topshiriqlar berildi.
Yolg'iz ayol va uning farzandlari vaqtinchalik boshqa uyga ko'chirildi va xaroba uyni qayta qurish ishlari boshlab yuborildi. Davolanish, moddiy yordam kabi masalalar ham hal bo'ldi.
Bugun Intizor opa tubdan yangilangan o'z uyiga ko'chib o'tdi. Tuman hokimligi tomonidan uy to'yi qilib berildi. To'yga tumandagi faollar, idora-tashkilotlar rahbarlari, butun mahalla ahli to'yonalar bilan keldi.
Ko'rsatilayotgan g'amxo'rlik, e'tibordan mamnun Intizor Rahimova jamiyatimizning mehrli qiyofasini yaratib bergan Prezidentimizga, davlatimiz rahbari jamoasi — tuman rahbarlariga, uni qo'llab, yordamini ayamagan mahalla ahliga samimiy minnatdorligini bildirdi.