Jamoat transportini rivojlantirish

    Хalqaro andozalar asosida ham ilmiy, ham amaliy yondashuvni talab etadi.

    Urbanizasiya jarayonining jadallashuvi, megapolis shaharlarning ko'payishi, aholi sonining o'sishi natijasida jamoat transportiga bo'lgan talab va ehtiyoj yil sayin oshib bormoqda. Bu esa, o'z navbatida, jamoat transporti xizmati sifatini oshirish, madaniyatini yuksaltirish, uni bugungi davr va sharoitga moslashtirishni taqozo etmoqda. Prezidentimiz soha mutasaddilari oldiga jamoat transportini tubdan isloh etish, mamlakatimizning tuman va shaharlarida jamoat transportini rivojlantirish, hududlarning unga bo'lgan ehtiyojini qondirish, transport infratuzilmasini tashkil etish, transport-logistika masalalariga ilmiy jihatdan yondashish, xususan, xorijiy tajribani o'rganish, sohaga zamonaviy kadrlarni tayyorlash va jalb etish vazifalarini qo'ydi. Ana shunday vazifalardan kelib chiqib, Toshkent davlat transport universiteti mutaxassislariga jamoat transportining bugungi holati, xalqaro tajriba, sohadagi mavjud muammolar, ularning echimiga ilmiy yondashuv, ta'lim dargohida malakali mutaxassislar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususidagi savollar bilan murojaat qildik.

    Tuyg'un QODIROV, iqtisod fanlari nomzodi, dosent:

    — Tahlillar bugungi kunda jamoat transportidan samarali foydalanish bilan bog'liq bir qator muammolar o'z ilmiy echimini kutayotganini ko'rsatmoqda. Jumladan, aholiga xizmat ko'rsatuvchi transport vositalari parkini yangilash va ulardan foydalanish darajasini oshirish, yo'lovchi tashish xarajatlari va avtomobillarni ishlatish ko'rsatkichlari o'rtasida oqilona mutanosiblik o'rnatish, jamoat transportidan foydalanish tariflarining asossiz o'sib ketishiga yo'l qo'ymaslik kabi muhim masalalar shular jumlasidandir.

    Respublikamiz hududi keng, aholi soni ortishi asnosida ular istiqomat qiluvchi katta-kichik punktlar soni ham tobora ko'payib boryapti. Oldimizda aholi punktlarini tuman va shahar markazlari bilan bog'lovchi yangi yo'nalishlar tashkil etish, yo'nalishlarda yo'lovchilar oqimi va ekspluatasiya sharoitiga mos harakat tarkibini shakllantirish kabi vazifalar turibdi. Shuningdek, yo'lovchilarga qulaylik yaratish, tashish va texnik xizmat ko'rsatish jarayonlarini qamrab oluvchi tezkor axborot tizimini shakllantirish, aholini belgilangan yo'nalishlarda yo'l infratuzilma ob'ektlari bilan ta'minlanganlik darajasini oshirish hamda yo'lovchi transporti xizmati ko'rsatuvchi korxonalar xodimlari malakasini oshirishni yanada takomillashtirish zarur.

    Transport universitetida mazkur muammolar echimiga qaratilgan ilmiy tadqiqot ishlari bazasi shakllantirilgan. Professor-o'qituvchilar va tadqiqotchilar tomonidan tizimli ilmiy ishlar amalga oshirilmoqda.

    Bugungi kunda ilg'or mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib, yirik shaharlar va ularning aglomerasiyasi, chekka aholi punktlarini tuman markazlari bilan bog'lovchi jamoat transporti yo'nalishlarini ochishda davlat va xususiy sheriklik amaliyotini keng joriy etish lozim. Masalan, qishloqlar bilan tuman markazini bog'lovchi yo'nalishlarni ochishda harakatdagi tarkibni xarid qilish, yo'nalish bo'ylab bekatlar va boshqa infratuzilma ob'ektlarini ishga tushirish, ularni axborot ekranlari bilan jihozlashni kichik biznes vakillariga ma'lum bir imtiyozli shartlarda berish yo'lovchilarga o'z vaqtida va sifatli transport xizmati taqdim etishni ta'minlaydi.

    Bu borada bir guruh tajribali professor-o'qituvchilar tomonidan tayyorlanayotgan “Davlat va xususiy biznes sherikligi asosida tuman (shahar) jamoat transportini rivojlantirish dasturining raqamlashtirilgan modeli” mavzusidagi yirik loyiha yakuniga etay deb qoldi. Loyiha dasturiy ahamiyatga ega bo'lib, u respublikamizning barcha qishloqlari bilan tuman markazlari o'rtasida jamoat transporti faoliyatini yo'lga qo'yishni maqsad qilgan. Ushbu dasturni amalga oshirish asnosida to'liq xususiy kapitalni jalb etish orqali 1000 ga yaqin yangi yo'nalishlarni ochish va mavjudlarini optimallashtirish hisobiga 20 mingdan ortiq yangi ish o'rni tashkil etish imkoniyati paydo bo'ladi.

    Qishloqlarda jamoat transporti ahamiyatini oshirish hisobiga har bir yo'nalishga investorlarni jalb qilishga erishish mumkin. Yangi ochiladigan barcha yo'nalishda tashish jarayoni yagona elektron platformada, avtomatlashtirilgan tarzda tashkil etiladi. Yo'lovchilar uchun mobil` ilovalar, aqlli (smart) bekatlar, mahalliy operatorlarning o'zaro autsorsing, insorsing operasiyalarini tezkor amalga oshirish platformalari operatorlar faoliyati, xizmat ko'rsatish sifatini yaxshilaydi, baholash jarayonida korruptsiya va inson omili ta'sirini bartaraf qiladi. Eng muhimi, yo'lovchilarga kerakli hajmda, hamyonbop, kafolatlangan va sifatli transport xizmati ko'rsatishni ta'minlaydi.

    G'affor SAMATOV, Toshkent davlat transport universiteti kafedra mudiri, iqtisod fanlari doktori, professor:

    — Davlatimiz rahbari tomonidan Toshkent davlat transport universiteti faoliyatini sohadagi islohotlar bilan uyg'unlashtirish, professor-o'qituvchi va talabalarni bu jarayonga keng jalb etish bo'yicha ko'rsatma berilgani bu borada amalga oshiriladigan ishlarga yanada mas'uliyat bilan yondashishni talab etadi.

    Shu o'rinda sohaga malakali kadrlar tayyorlash masalasi xususida alohida to'xtalib o'tmoqchiman. Oliy o'quv yurtimizdagi “Transport logistikasi” kafedrasi bugungi kunda nafaqat universitet, balki respublika miqyosida ham yo'lovchi transporti logistikasi, shu jumladan, jamoat transporti faoliyatini tashkil etish yo'nalishida oliy ma'lumotli ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlovchi baza hisoblanadi.

    Universitetimizda joriy yilda “Logistika” ilmiy-o'quv markazini tashkil etish rejalashtirilgan. Markaz o'zining ilmiy va o'quv faoliyatida chet mamlakatlar va respublikamizdagi ilg'or logistika ilmiy maktablari, etakchi logistika kompaniyalarining ko'p yillik tajribasi va yutuqlariga tayanadi.

    Markaz tarkibida virtual logistika va raqamli texnologiyalar (alohida komp`yuterli sinf va dasturiy ta'minotlar), 3D logistika, yuk va yo'lovchi tashish jarayonida innovasion texnologiyalarni qo'llashni faollashtirish maqsadida laboratoriyalar tashkil etiladi. Markaz vositasida universitetning davlat va mahalliy hokimiyat hamda yirik xo'jalik boshqaruvi organlari bilan jamoat transporti infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar ishlab chiqiladi. Yo'lovchi transporti logistika klasterlari va ekotizimlarini shakllantirish va boshqarish bo'yicha loyihalarni ishlab chiqish hamda ekspertizadan o'tkazish, yuk va yo'lovchi transporti faoliyati uchun axborot resurslarini yaratish va qo'llab-quvvatlash, transport logistikasini rivojlantirishga doir qonunchilik tashabbuslari bilan chiqish, transport logistikasida strategik qarorlarni qabul qilish uchun tashish tannarxi, tariflar, valyuta parametrlari o'zgarishiga moslashuvchan transport muhitini yaratish bo'yicha prognozlarni tayyorlash zimmamizdagi dolzarb vazifalardir.

    Botir ABDULLAEV, texnika fanlari bo'yicha falsafa doktori, dosent:

    — Yirik shaharlarda transport oqimi yuqori bo'lishi hisobiga tirbandlik vujudga keladi. Bu esa avtobuslarning belgilangan qatnov jadvalidan chiqib ketishiga, harakat intervalining buzilishiga, bekatlarda yo'lovchilarning kutib qolishiga sabab bo'ladi.

    Bunday holatlarda, tabiiyki, rivojlangan mamlakatlar tajribasiga murojaat qilinadi. Muammolarning echimi sifatida hozirgi kunda rivojlangan davlatlarning yirik shaharlari, masalan, Kuritiba (Braziliya), Istanbul (Turkiya), Manxetten (AQSH) va boshqa shaharlarda “BRT” (Bus rapid transit — Tezyurar avtobus) tizimi keng qo'llanilmoqda.

    Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 16 martdagi qarorida Toshkent shahrining Farg'ona yo'li ko'chasida tezkor avtobus qatnovini tashkil etish maqsadida tajriba tariqasida maxsus yo'lak (BRT)ni amalga oshirish yuzasidan eng yaxshi takliflarni tanlab olish, 20 ta zamonaviy elektrobus va ularni quvvatlash uskunalarini xarid qilish belgilangan. Bunday tizimning qator afzallik jihatlari mavjud. Birinchidan, avtobus alohida yo'lda harakatlangani sababli tirband holat yuzaga kelmaydi, ikkinchidan, haydovchi yo'lkira to'plash uchun chalg'imaydi. Chunki yo'lkira oldindan amalga oshiriladi: yo'lovchi unga bekatdan turniket orqali chiqadi.

    “BRT” tizimini qo'llash jamoat transporti jozibadorligini, ish samaradorligi va ishonchliligini oshiradi, transport tirbandligi, shovqin, atrof-muhitga chiqariladigan zaharli gazlar miqdori, yonilg'i sarfini kamaytiradi.

    Ammo shuni aytib o'tish kerakki, “BRT” tizimini shaharning barcha ko'chalarida qo'llab bo'lmaydi. Mazkur tizimni qo'llashda yo'lning qatnov qismi kengligi, undagi transport vositalari harakati jadalligi, vujudga kelishi mumkin bo'lgan transport tirbandligi, yo'lovchilar oqimi kabi ko'rsatkich va omillar asos qilib olinadi. “BRT” tizimi yo'lovchilar, transport vositalari, piyodalar oqimi harakati yo'nalishi, jadalligi, tezligiga ta'sir ko'rsatadigan darajadagi yirik loyiha hisoblanadi. SHu bois, mazkur tizimni shahar hududining qolgan barcha jamoat transporti ishi bilan muvofiqlashtirish lozim. Bu, albatta, anchayin murakkab masala.

    Murakkabligi shundaki, yo'lovchilarning ham, transport vositalarining ham, piyodalarning ham harakat ko'rsatkichlariga (yo'nalishi, miqdori, tezligi va hokazo) yuzaga kelish mumkin bo'lgan turli ehtimolli holatlar o'z ta'sirini ko'rsatadi. Ya'ni, soddaroq qilib aytganda, keyingi bekatda avtobusga nechta yo'lovchi chiqmoqchi, ertaga qor yoki yomg'ir yog'sa, yo'nalishda yo'lovchilar oqimi qancha miqdorga oshadi yoki kamayadi, “Paxtakor” stadionida xalqaro darajadagi futbol musobaqasi o'tkazilishi qaysi yo'nalishlarda yo'lovchilar sonini oshiradi, qaysi yo'nalishlarda kamaytiradi, degan savollarga maxsus algoritm, hisoblash modeli asosida javob topiladi.

    Transport qatnovi muammolarini hal etishda zamonaviy texnologiyalar muhim o'rin tutadi. Ilgari jahon tajribasida megapolis shaharlarda har 10 yilda yo'lovchilar oqimi o'rganilar edi. Hozirgi kunda bunga deyarli hojat qolmadi. Chunki jamoat transporti uchun yagona to'lov kartalarining joriy etilishi mazkur muammoga echim bo'lmoqda. Ma'lumki, Toshkent shahrida jamoat transportining bir nechta turi uchun yagona to'lov kartasi joriy etilmoqda. Bu, o'z navbatida, yo'lovchilar oqimi, yo'nalishi, hajmi va boshqa ko'rsatkichlarni vaqt kesimida (onlayn) aniqlash imkonini yaratadi. Buning natijasida jamoat transporti ishini rejalashtirish osonlashadi.

    Mazkur tizim ishga to'liq tushganidan so'ng shaharni transport bilan yuklanganlik darajasini hududlar kesimida bir maromda taqsimlanishiga erishish, ya'ni yo'lovchilar oqimini boshqarish imkoniyati paydo bo'ladi. “Qizil”, “sariq”, “yashil” hududlar bo'yicha alohida tariflar joriy etish, yo'lkirani shaharning markaziy qismi uchun qimmatroq, markazdan chetlashgan sari arzonroq qilish mumkin.

    Ko'pchilik shahar va qishloqlarda yo'lovchi transporti qatnovini yaxshilash haqida so'z ketganda, albatta, velosipeddan foydalanish bo'yicha ham gapiriladi. Chunki u har tomonlama foydali va samarali transport vositasi sanaladi.

    Dunyodagi bir qator ilg'or mamlakatlarda jamoat transportini rivojlantirishda velotransport tizimi yo'lga qo'yilgan. Xorijdagi ana shu ilg'or velotransport infratuzilmasining rivojlanish tajribalarini tahlil qilish va ularni mamlakatimiz amaliyotida qo'llash dolzarb hisoblanadi.

    Muxtasar aytganda, jamoat transportini rivojlantirish keng qamrovli masala bo'lib, u bir vaqtning o'zida ham ilmiy, ham amaliy jihatdan yondashuvni talab etadi. Videoselektor yig'ilishida davlatimiz rahbari bergan ko'rsatma va chora-tadbirlarni tez va sifatli amalga oshirish yaxshi samara berishi, shubhasiz.

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri Risolat MADIEVA tayyorladi.