Murojaatga ko‘ra, 2001-yil Qo‘qon shahri, Buvayda tumanida tug‘ilgan A.A. 2022-yil may oyining o‘rtalarida o‘zini IIV hodimi deb tanishtirgan Javlon aka ismli kishi uni Buvayda tuman IIBga olib ketadi va Jinoyat kodeksining 244-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bilan ayblab, 6 oydan buyon bosim ostidagi tergov va sud jarayoni bo‘lib o‘tmoqda.
Talabaning aytishicha, Qirg‘iziston fuqarosi Rafiqjon Qorining (hozirda marhum) 8-mart to‘g‘risidagi maʼruzasini bir do‘stiga jo‘natgani sababli unga 5 yildan 8 yilgacha qamoq jazosini qo‘llashmoqchi.
Shuningdek, A.A. oilada yolg‘iz va to‘ng‘ich o‘g‘il ekanini, uning ustiga, otasi ham betob bo‘lib, o‘zi esa kontrakt asosida universitetda o‘qishini maʼlum qilgan.
A.Abduhamidov o‘z murojaatida sud hukmini oldindan taxmin qilib, go‘yoki unga nisbatan 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llanishidan norozilik bildirgan.
Mazkur murojaatnoma yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Furqat tuman sudining 2022-yil 7-noyabrdagi hukmi bilan A.Abduhamidovga Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi bilan ushbu Kodeksning 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) ni qo‘llagan holda 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
A.Abduhamidovni talabalar safidan chiqarish yoxud qoldirish masalasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-sonli Qarori bilan tasdiqlangan "Oliy taʼlim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom asosida u taʼlim olayotgan oliy o‘quv yurti tomonidan hal etiladi.
A.Abduhamidovga sud hukmidan norozi bo‘lgan taqdirda yuqori turuvchi sudga apellyasiya tartibida shikoyat qilish huquqi tushuntirilgan.
"Taajjublanarlisi shundaki, garchand mazkur murojaat 2022-yil 9-noyabr kuni joylashtirilgan bo‘lsa-da, ikki kun avval, aniqrog‘i, 2022-yil 7-noyabr kuni A.Abduhamidovga nisbatan sud hukmi eʼlon qilib bo‘lingan", deyiladi xabarda.