“Jamoatchilik ekologiya nazoratchisi” tizimi joriy qilinadi

    Yashil sayyora 2 Iyun 2023 1611

    Tabiat resurslari vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi deb qayta nomlandi.

    “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni (PF–81-son, 31.05.2023-y.) qabul qilindi.

    Farmon bilan Tabiat resurslari vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi deb qayta nomlandi.

    2023-yil 1-iyuldan “Jamoatchilik ekologiya nazoratchisi” tizimi joriy qilinadi.

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va oʻrmon xoʻjaligi sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratga masʼul boʻlgan Bosh prokuror oʻrinbosari lavozimi kiritildi.

    Vazirlikda alohida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi tashkil etildi.

    Farmonga koʻra, 2023-yil 1-dekabrgacha tumanlarda (shaharlarda) atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringini amalga oshirish uchun avtomatlashgan kichik stansiyalar oʻrnatiladi.

    2025-yil yakunigacha respublika hududi boʻyicha atmosfera havosining tabiiy ifloslanishi yuqori boʻlgan hududlarni prognozlash va aholini barvaqt ogohlantirish tizimi sinov tariqasida joriy etiladi.

    2024-yil yakunigacha hududlarni ekologik baholash boʻyicha indikatorlar asosida “eco-indicator.uz” reytingi shakllantiriladi va har bir hududning ekologik pasporti eʼlon qilinadi.

    Farmonga muvofiq, Milliy tabiiy meros obyektlari roʻyxati joriy etiladi.

    2024-yildan, jumladan, quyidagilar uchun har yili 500 milliard soʻm ajratiladi:

    • “yashil belbogʻ”, “yashil bogʻ” va “yashil jamoat park”lar hamda “yashil qoplamalar” – himoya oʻrmonzorlarini barpo etish va doimiy foydalanuvchiga topshirilgunga qadar saqlab turish;
    • asosiy temir yoʻl va magistral avtoyoʻllar boʻyida daraxt koʻchatlarini ekish;
    • har bir tuman va shaharda 5 gektardan kam boʻlmagan maydonlarda bogʻlar barpo etish.

    2023-yil yakunigacha har bir davlat tashkiloti va hokimlikning oʻz bogʻlari tashkil etiladi hamda 3 yil davomida parvarishlanadi.

    2024-yil 1-yanvardan uy sharoitida yoki kasanachilik asosida daraxt va buta koʻchatlarini (nihol) yetishtirish faoliyati oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) hisoblanadi.