Jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yuzasidan seminar oʻtkazildi

    Yashil sayyora 20 Sentabr 2021 990

    Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi, Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Ekologik partiyasi bilan hamkorlikda “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish” mavzusida seminar oʻtkazildi.

    Tadbirda Senat aʼzolari, deputatlar, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Seminarda Senat qoʻmita raisi B. Tojiyev soʻzga chiqib, soʻnggi yillarda qoʻshimcha muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil etilib, ular maydoni qariyb ikki barobarga oshganini taʼkidladi.

    Qayd etilganidek, “Yashil Orol dengizi” dasturi doirasida 700 ming gektardan ortiq yashil qoplamali oʻrmonzorlar, Nukus, Urganch va Xiva shaharlari atrofida daraxtzorlardan iborat “Yashil belbogʻ” barpo etildi. Orolning qurigan tubida 1,5 million gektarda shoʻr va qurgʻoqchilikka chidamli koʻchatlar ekildi.

    Soʻnggi yillarda sanoat va korxonalar soni va qurilish ishlari hajmining 2 barobarga, transport vositalari soni 4 barobarga oʻsishi natijasida ulardan chiqayotgan chang-gaz miqdori keskin oshib bormoqda. Hududlarda yashil maydonlar qisqarib boryapti. Natijada ekologik muammolar ortishi va iqlimning salbiy oʻzgarishi yuzaga kelyapti.

    Respublikada daraxt va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga qarshi moratoriy eʼlon qilingan boʻlsada 4 mingdan ortiq qimmatbaho va kam qiymatli daraxtlar noqonuniy kesilgan.

    Bundan tashqari maishiy chiqindilarni qayta ishlash, utilizatsiya qilishda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar oʻz vaqtida bajarilmayotgani va sohadagi boshqa kamchiliklar ham taʼkidlandi.

    Shuningdek, tadbirda Oʻzbekiston Respublikasida “yashil iqtisodiyot”ni joriy etish va rivojlantirishning huquqiy asoslari, mamlakatimizning “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va ularning natijalari hamda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish choralari haqida soʻz yuritildi.

    Koʻrilgan masalalar yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.