Jamoatchilik oʻrganishi natijalari muhokama qilindi

    Ammo hal qilinishi lozim boʻlgan va yechimini kutayotgan masalalar ham bor. Kompyuter qurilmalari yetishmasligi sababli elektron tizimdan foydalanish toʻliq yoʻlga qoʻyilmagan.

    Oʻzbekiston xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi mediamarkazida sogʻliqni saqlash tizimi tomonidan koʻrsatilayotgan barcha turdagi tibbiy xizmatlar sifatini oʻrganish natijalariga oid onlayn muloqot boʻlib oʻtdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Oʻzbekiston XDP markaziy kengashi masʼullari, Xalq deputatlari mahalliy kengashlardagi partiya guruhlari aʼzolari, OʻzXDP Fargʻona viloyati kengashi masʼullari, Sogʻliqni saqlash vazirligi mutaxassislari, partiya faollari, yoshlar ishtirok etgan yigʻilishda soʻnggi yillarda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida urgʻu berildi.

    Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda yurtimizda sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish, tibbiy xizmat koʻrsatish sifati va samaradorligini oshirish, malakali tibbiy kadrlarni tayyorlash, sohaga yangi boshqaruv usullarini joriy etish, jamiyatda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, tibbiyot sohasini zamon talablari darajasiga olib chiqish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, sohaga ajratilayotgan mablagʻlar hajmi yildan yilga keskin oshib bormoqda.

    Yigʻilishda Fargʻona viloyatida “Sogʻliqni saqlash tizimi tomonidan koʻrsatilayotgan barcha turdagi tibbiy xizmatlar sifatini oʻrganish” yakunlari keng muhokama qilindi. Fargʻona viloyatida bugungi kunda 4 milliondan ziyod aholiga shahar va tumanlardagi 19 ta koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalar,134 ta oilaviy poliklinika hamda 167 ta oilaviy shifokor punktlari tomonidan birlamchi tibbiy sanitariya yordami koʻrsatiladi. Shuningdek, jami 60 ta shifoxonalar shahar va tibbiyot birlashmalari tarkibidagi 33 ta shifoxonalar, 14 ta viloyat shifoxonalari hamda 14 ta Respublika ixtisoslashgan markaz filiallari tomonidan statsionar yordam beriladi.

    Viloyatning barcha shahar va tuman tibbiyot birlashmalariga laporaskopik jamlama oʻrnatilishi hisobiga 10 dan ortiq viloyat ixtisoslashtirilgan muassasalarda, jumladan, viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi, viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Fargʻona viloyati filiali, Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Fargʻona filiali, Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Fargʻona filiali, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Fargʻona filialida 60 dan ortiq (mikrojarrohlik, shuntlash, endoprotezlash va boshqalar) yangi diagnostika davolash usullari amaliyotga tadbiq etildi. Natijada, 2023-yilda viloyat muassasalarida 5 mingdan ortiq yuqori texnologik operatsiyalar oʻtkazildi. Tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida bolalar qabul boʻlimlari, bolalar reanimatsiyasi va intensiv terapiya boʻlimlari qabulxonalari ham takomillashtirib borilmoqda. Tibbiyot tashkilotlari kompyuter va ofis uskunalari bilan taʼminlanyapti.

    Ammo hal qilinishi lozim boʻlgan va yechimini kutayotgan masalalar ham bor. Kompyuter qurilmalari yetishmasligi sababli elektron tizimdan foydalanish toʻliq yoʻlga qoʻyilmagan. Fargʻona viloyatida faoliyat yuritayotgan 451 ta tibbiyot muassalalariga 2023-yilda 1504 ta kompyuter texnikalari yetkazish rejalashtirilgan edi. Amalda 313 ta kompyuter texnikalari (20,8 foiz) keltirilgan. Xuddi shunday 2024-yilda tibbiyot muassasalariga 3531 ta kompyuter texnikalari yetkazish rejalashtirilgan boʻlib, bugungi kunda kompyuter texnikalari yetkazilmagan.

    Muloqotda muammoli masalalar soha vakillari ishtirokida tahlil qilindi. Deputatlarning takliflari tinglandi. Oʻrganishlarda ishtirok etgan jamoatchilik vakillari yuqumli boʻlmagan kasallikka chalingan keksa yoshdagi bemorlar va ularning farzandlarini oʻzini oʻzi parvarish qilishga oʻrgatish maqsadida koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarda “Profilaktika maktabi” mashgʻulotlarini oʻtkazish hamda kasallik turlariga koʻra bemorlarni ovqatlantirish yuzasidan parhez stollari boʻyicha meʼyoriy-huquqiy hujjatni JSST tavsiyalari va ilgʻor mamlakatlar tajribasi asosida qayta koʻrib chiqish zarurligini taklif qilishdi.