Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoaviy sport turlarini rivojlantirish va iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori (PQ-421-son, 04.12.2024-y.) qabul qilindi.

Qarorga koʻra, 2025/2026 oʻquv yilidan barcha davlat universitetlarida voleybol, basketbol, gandbol, regbi, chim ustida xokkey, suv polosi jamoaviy sport turlari boʻyicha, boshqa davlat oliy taʼlim muassasalarida kamida 3 ta jamoaviy sport turlari boʻyicha sport klublari tashkil etiladi.

2025/2026 oʻquv yilidan jamoaviy sport turlari boʻyicha quyidagi sport musobaqalarini oʻtkazib borish yoʻlga qoʻyiladi:

  • “Maktab ligasi”;
  • “Talabalar ligasi” va “Oliy taʼlim kubogi”;
  • “Rektor kubogi”.

Vazirlik va idoralar, xoʻjalik birlashmalari, davlat ishtirokidagi tijorat banklari va korxonalarda kamida 3 ta jamoaviy sport turlari boʻyicha sport klublari tashkil qilinadi.

Bunda jamoaviy sport turlari boʻyicha idoraviy tashkilotlar kesimida “Rahbar kubogi”, mahalliy hokimliklar kesimida “Hokim kubogi” musobaqalari oʻtkazib boriladi.

Quyidagilar yoʻlga qoʻyiladi:

  • tadbirkorlik subyektlarida jamoaviy sport turlari boʻyicha sport klublarini tashkil qilish;
  • tadbirkorlik subyektlari sport klublari oʻrtasida “Korporativ sport oʻyinlari” sport musobaqasini oʻtkazib borish.