Jamshid Qoʻchqorov: jahon savdo tashkiloti — adolatli savdo tizimi

    Moliya 26 Noyabr 2024 1203

    Ayrim JSTga aʼzo davlatlar import uchun hech bir davlatga qoʻymagan bojlarni Oʻzbekiston uchun qoʻymoqda.

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 26-noyabr kungi majlisida bosh vazir oʻrinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov 2025-yildan eksportyorlarga berilgan baʼzi soliq imtiyozlari bekor qilinayotgani haqidagi savolga javob berdi.

    Yigʻilishda deputat Atxam Nazirqulov 2025-yilgi davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasida tovarlarni (xizmatlarni) eksportga realizatsiya qilishdan olingan daromadlar boʻyicha foyda soligʻi va aylanmadan olinadigan soliq imtiyozlari bekor qilinishining mamlakat eksport salohiyatiga qanday taʼsir qilishi haqida savol berdi.

    Savolga dastlab investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Xurram Teshabayev javob berdi.

    U 3-iyun kuni milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti qoidalariga muvofiqlashtirish boʻyicha Prezident farmoni qabul qilinganini va hujjatda tovarlarni (xizmatlarni) eksportga realizatsiya qilishdan olingan daromadlar boʻyicha foyda soligʻi, aylanmadan olinadigan soliq, transport xarajatlarini qisman qoplab berishga oid imtiyozlarni 2025-yil 1-yanvardan bekor qilish nazarda tutilganini aytdi.

    «Toʻgʻri aytyapsiz, tahlillarga koʻra bu imtiyoz bir qancha korxonalarda eksport surʼatlarining oʻsishida asosiy omillardan biri boʻldi… Bu imtiyoz eksport geografiyasi kengayishiga ham oʻz hissasini qoʻshgan edi», — dedi Xurram Teshabayev. Uning aytishicha, bu choraning qoʻllanilishi eksportchi korxonalar faoliyatida maʼlum oqibatlarga olib kelishi, aylanma mablagʻlarga boʻlgan ehtiyoj oʻsishi va bu orqali eksport hajmining pasayishiga olib kelishi mumkin.

    Xurram Teshabayev, shuningdek, imtiyozlar bekor qilinishining salbiy oqibatlarini yumshatish uchun bir qator choralar koʻrilayotgani, jumladan, aylanma mablagʻlariga ehtiyoj ortishidan kelib chiqib faktoring xizmatlari bozorini rivojlantirish boʻyicha ishlar amalga oshirilayotganini aytdi.

    Jamshid Qoʻchqorov foyda soligʻi boʻyicha 2022-yilda 972 mlrd soʻm, 2023-yilda 1 trln 100 mlrd soʻm imtiyoz berilganini qayd etdi. Aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha imtiyozlar esa nisbatan ancha kam miqdorda berilgan: 2022-yilda 12 mlrd soʻm, 2023-yilda 14 mlrd soʻm.

    «Oʻtgan safar berilgan savollarni ham inobatga olib oʻzimning bir fikrimni aytmoqchiman. JST — umuman olganda bir adolatli savdo tizimi. JSTga aʼzo boʻlganlar va aʼzo boʻlmaganlar orasida tengsizlik bor. Yaʼni, agar biz bironta rivojlangan mamlakat bilan savdo-sotiq qiladigan boʻlsak, ular bizdan oʻzi uchun doimo moʻtadil yoki qulay boʻlgan shart-sharoitlarni talab qilish huquqiga ega, bu yerda imtiyozlarni nazarda tutmayapman», — dedi u.

    Bosh vazir oʻrinbosari JSTga aʼzo baʼzi mamlakatlar hech qaysi davlat uchun qoʻymagan import bojlarini Oʻzbekiston uchun qoʻyganini taʼkidladi.

    «Uning notoʻgʻri yoki boshqa boʻlayotganini biz faqat ikki tomonlama muzokaralarda koʻrib chiqishimiz mumkin. Bu [soʻraganlarimizni] yo qilishi yoki qilmasligi mumkin. Lekin biz ham JSTga aʼzo boʻlganimizda edi, ular shaxsan bizning eksportimizni cheklashga qaratilgan chora-tadbir koʻra olmasdi», — dedi u.

    Iqtisodiyot va moliya vaziri loʻnda qilib aytganda JSTga qoʻshilish Oʻzbekistonga adolatli va teng sharoitlarda boshqa mamlakatlar bilan savdo qilish huquqini berishini taʼkidladi.

    «JSTga kirish Oʻzbekistonga boshqa, avvalambor rivojlangan, tez rivojlanayotgan mamlakatlar bilan adolatli va teng, paritet shart-sharoitlarda savdo qilish imkonini beradi. Kimdir yoʻqotishi mumkin. Lekin, mening fikrimcha, JST bu — adolatli savdo tartib-tamoyillari. Shuning uchun har bir Oʻzbekiston tadbirkori adolatli va ochiq raqobat sharoitida oʻz tadbirkorlik faoliyatini yuritishni oʻrganishi kerak. Dunyo mamlakatlarining asosiy qismi JSTga aʼzo ekanidan kelib chiqib, ular bilan biz adolatli va teng savdo qilishimiz uchun biz bu tashkilotga aʼzo boʻlishimiz kerak», — dedi u.