Jamshid Xodjayev Vashingtonda bir qator uchrashuvlar oʻtkazdi

    Xalqaro hamkorlik 26 Iyun 2023 1683

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Vashingtonga tashrif buyurdi va AQSHdagi hukumat rasmiylari hamda yetakchi Amerika kompaniyalari vakillari hamda rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazdi.

    Xususan AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha yordamchisi Donald Lu, AQSH Savdo vazirining oʻrinbosari Alan Esteves, AQSH Savdo vakili oʻrinbosari Sara Byanki, AQSH Oʻzbekiston Savdo palatasi (AOʻSP) raisi Kerolin Lemm va boshqa rasmiylar bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi.

    AQSH Davlat kotibi yordamchisi Donald Lu bilan uchrashuv davomida Oʻzbekiston va Qoʻshma Shtatlar oʻrtasidagi strategik sheriklikni yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari muhokama etildi. Amerika tomoni Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni olqishlab, yirik loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanligini eʼtirof etdi.

    Suhbat chogʻida savdo va investitsiyaviy hamkorlikning hozirgi holati koʻrib chiqildi. Bu yoʻnalishlarda tomonlar munosabatlarni kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini taʼkidlab, Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlishi jarayonining tezlashtirish doirasida hamkorlikni rivojlantirishga kelishdilar.

    AQSH savdo vaziri oʻrinbosari, Sanoat va xavfsizlik byurosi rahbari Alan Esteves bilan suhbat davomida, savdo oqimlarini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashinildi. Amerika tomoni Oʻzbekistonning tashqi savdo jarayonlarining samaradorligini oshirish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi. Samarali hamkorlikni kengaytirish va oʻzaro savdo hajmini koʻpaytirish maqsadida qoʻshma ishchi guruh shaklantirish, Oʻzbekistondagi vazirliklar, idoralar, tijorat banklari vakillari malakasini oshirish uchun treninglar tashkil etish muhimligi aytib oʻtildi.

    AQSH Savdo vakili oʻrinbosari Sara Byanki bilan muloqotda Oʻzbekiston sarmoyaviy jozibadorligini mustahkamlash, savdo toʻsiqlarini bartaraf etish hamda savdo operatsiyalarini yanada osonlashtirish masalalari muhokama etildi. Uchrashuvda Oʻzbekistonda energetika, mashinasozlik, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika va boshqa sohalarda qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan AQSH kompaniyalarining muvaffaqiyatli faoliyati alohida taʼkidlandi.

    Oʻzaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha navbatdagi amaliy tadbirlarni belgilash maqsadida bir qator qoʻshimcha uchrashuv va muzokaralar oʻtkazishga kelishib olindi.

    Tashrif davomida Amerika-Oʻzbekiston Savdo palatasi (AOʻSP) aʼzolari, Amerika yirik biznes rahbarlari ishtirokida “davra suhbati” tashkil etildi.

    Tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizda investitsiyaviy muhitni yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, joriy etilayotgan imtiyoz va preferensiyalar, investorlar huquqlarini himoya qilish borasidagi qonunchilikni takomillashtirish, shuningdek xususiylashtirish jarayonlarining kengayishi va iqtisodiyotdagi davlat ulushining qisqarishi toʻgʻrisida taqdimot oʻtkazildi.

    AQSH yirik biznes vakillari mamlakatimizdagi islohotlarning yuqori samaradorligini taʼkidlab, qoʻshma texnologik loyihalarni amalga oshirish uchun ikki mamlakatning yirik kompaniyalari oʻrtasida qator sohalarda toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni yoʻlga qoʻyish muhimligiga eʼtibor qaratdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.