Bu bejiz emas, albatta. Chunki dunyoda kechayotgan global jarayonlar ogohlik va hushyorlikni yanada oshirishni, tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash yoʻlida sobitqadam boʻlishni taqozo etmoqda. Shu bois, Qurolli Kuchlar raqamli salohiyatini yuksaltirish va axborot xavfsizligini taʼminlash, harbiy xizmatchilarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish borasidagi bilim va koʻnikmalarini oshirish dolzarb vazifaga aylanayotir.
Bu yoʻnalishdagi ishlarni takomillashtirish maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti maxsus fakulteti bazasida Mudofaa vazirligi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti tashkil etildi.
Mazkur institut Mudofaa vazirligining davlat oliy harbiy taʼlim muassasasi boʻlib, sakkiz yoʻnalish boʻyicha taktik boʻgʻindagi ofitser kadrlar tayyorlaydi. Institutda ixtirochilikni rivojlantirish va yangi innovatsion gʻoyalarni tatbiq etish maqsadida oltita zamonaviy oʻquv-laboratoriya faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Bugungi kunda Mudofaa vazirligi rahbariyati tomonidan oliy harbiy taʼlim muassasalari ilmiy salohiyatini yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shuningdek, ilmiy tadqiqot va izlanishlar olib borayotgan harbiy xizmatchilar, professor-oʻqituvchilarga sharoit yaratib berilmoqda.
Qoʻshinlarning jangovar ruhi va salohiyatini yuksaltirish, xorijdagi ilgʻor tajribalarni oʻrganish asosida jangovar shayligi va mahoratini oshirish ham muhim vazifa. Hozir milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarogʻ va harbiy texnika bilan taʼminlash maqsadlariga bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida kuzatilayotgan harbiy mojarolar xususiyatlarini, qoʻshinlarni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini hisobga olgan holda eʼtibor qaratilgan.
Bu borada eng zarur qurol-aslaha va anjomlar sotib olish, ularni yangi jangovar tizimlar bilan birgalikda qoʻllash va takomillashtirib borish doimo eʼtibor markazida boʻlmoqda. Zero, mudofaa sanoatini tizimli rivojlantirish, uchuvchisiz uchish apparatlari, zirhli avtomashinalar kompleksini takomillashtirishni hayotning oʻzi taqozo etayotir.
Hozirgi kunda bu yoʻnalishda tizimli asosda ishlar davom etyapti. Xususan, mudofaa sanoati samarali faoliyat yuritishi uchun tegishli davlat komissiyasi tashkil etildi. Mudofaa vazirligi huzurida Mudofaa sanoati agentligi faoliyat yurityapti.
Qurolli Kuchlar va kuch tuzilmalari bilan hamkorlikni kuchaytirish, birgalikdagi harakatlar samaradorligi va muvofiqlashganlik darajasini oshirish hamda yuqori malakali harbiy kadrlar tayyorlash tizimini muntazam ravishda takomillashtirib borish ham muhim vazifa. Ushbu yoʻnalishda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida oliy harbiylashtirilgan taʼlim muassasalari toʻgʻrisida nizom tasdiqlangan. Mazkur hujjat xavfsizlik va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimidagi oliy harbiylashtirilgan taʼlim muassasalari maqsadi va asosiy vazifalarini, taʼlim jarayonini tashkil etish, shuningdek, taʼlim tizimini boshqarish tartibini belgilaydi.
Taʼlim oluvchilarni mutaxassislik fanlari boʻyicha chuqurlashtirilgan va kasbga yoʻnaltirilgan holda oʻqitish, intellektual jihatdan kamol topishi va maʼnaviy rivojlanishini taʼminlash hamda yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish taʼlim muassasalari faoliyatining maqsadi hisoblanadi.
Oʻtgan yili harbiy qismlarda ilk bor “Amir Temur jangovar bayrogʻi uchun” musobaqalari boʻlib oʻtdi. Qoʻshinlarning jangovar tayyorgarligini oshirish, harbiy anʼanalarni yanada mustahkamlash, buyuk ajdodlarimizga munosib mard va jasur, bilimli va jismonan baquvvat Vatan himoyachilarini tarbiyalashda ushbu musobaqalar beqiyos ahamiyatga ega.
Ayni vaqtda oʻzbek askarlari xalqaro maydonlarda oʻtkazilayotgan koʻplab nufuzli harbiy musobaqalarda ham faxrli oʻrinlarni egallab kelmoqda. Jumladan, harbiylarimiz xalqaro armiya oʻyinlari, “Kembriya patruli” va boshqa yirik harbiy-sport musobaqalarida bir necha yillardan buyon salmoqli yutuqlarni qoʻlga kiritayotgani barchamizni quvontiradi.
Yoshlarni harbiy vatanparvarlik, yuksak maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar ruhida tarbiyalash boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada oʻtgan yili mamlakatimiz boʻylab “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harakati tashkil etildi. Barcha umumtaʼlim maktablarida mazkur harakatning 20 mingdan ziyod oʻquvchi-yoshni qamrab olgan guruhlari tuzilgani farzandlarimiz qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻularini yuksaltirishga munosib hissa qoʻshayotganini taʼkidlash lozim.
Qurolli Kuchlar akademiyasi isloh qilinib, kelgusida uning harbiy ilm-fan sohasi lokomotiviga aylanishi uchun mustahkam zamin yaratildi. Oliy harbiy taʼlim muassasalarida ham yangicha yondashuv va oʻquv uslublari joriy etilmoqda.
Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarining qudrati, mamlakatning mudofaa qobiliyati va harbiy salohiyatini yanada oshirish borasida muhim chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilyapti. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida bu jabhadagi ishlarni yanada yangi, yuqori bosqichga koʻtarish bilan bogʻliq muhim chora-tadbirlar belgilanmoqda.
Ularni oʻz vaqtida amalga oshirish xalqimiz xavfsizligi, tinchligi va osoyishtaligini saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, bu yoʻnalishdagi qizgʻin tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash va ularning roʻyobga chiqishiga hissa qoʻshish har birimizning burchimizdir. Zero, faqat tinchlik-osoyishtalik orqaligina koʻzlagan ezgu maqsadlarimizni roʻyobga chiqarishga, mamlakatimizning har tomonlama rivojlanishini taʼminlashga erishamiz.
Qutbiddin BURHONOV,
Oliy Majlis Senatining Mudofaa va
xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi