Oʻsha kuni soat 19:30 da shaharning Bunyod mahallasida yashovchi fuqaro M.R. 102 operatoriga qoʻngʻiroq qilib, yashash xonadonida janjal boʻlayotganini maʼlum qilgan va inspektor yuborishni soʻragan.

Shunga koʻra, IIO FMB 6-sonli IIB profilaktika inspektori A.T. xonadonga borgan.

“Shu vaqtda muqaddam Jinoyat kodeksining bir necha moddalari bilan sudlangan fuqarolar M.R., uning opasi, turmush oʻrtogʻi va ukasi oʻzaro janjallashayotganini koʻrib, ularni ajratib, janjalga chek qoʻymoqchi boʻlgan. Ammo fuqarolar profilaktika inspektoriga faol qarshilik koʻrsatib, uning turli joylariga urib, tan jarohati yetkazgan. Shuningdek, inspektorga tegishli Spark mashinasining old oynasini sindirib, moddiy zarar yetkazgan”, — deyiladi IIB bayonotida.

Fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik koʻrsatish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

IIBning aniqlik kiritishicha, fuqarolarning biri protsessual tartibda qamoqqa olingan, yana bir fuqaro uy qamogʻida saqlanmoqda. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Yuqoridagi moddaga koʻra aybdor deb topilgan shaxslar 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan.