Janub javohirining “uchburchagi”

    Yangi “Oltin uchburchak” (Golden triangle) loyihasi hududning sayyohlik imkoniyatlaridan yanada oqilona foydalanishga xizmat qiladi.

    O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 27 maydagi “Surxondaryo viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori ijrosi doirasida barpo etilayotgan yangi “Oltin uchburchak” (Golden triangle) loyihasi hududning sayyohlik imkoniyatlaridan yanada oqilona foydalanishga xizmat qiladi.

    Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, ishchi guruh tarkibida viloyat turizmni rivojlantirish, avtoyo'l, qurilish, er resurslari va davlat kadastri, transport boshqarmalari, viloyat FVB yong'in nazorati va proflaktikasini tashkillashtirish bulimi mas`ul xodimlari, tegishli tuman, shahar hokimlarining qurilish masalalari bo'yicha o'rinbosarlari bor.

    “Oltin uchburchak” (Golden triangle) yo'nalishiga Hakim Termiziy, Sulton Saodat, Iso Termiziy majmualari, Jarqo'rg'on minorasi kabi tarixiy obidalar, Xo'jaipok, Sangardak, Xo'jaikon tuzkoni, Xo'jamayxona, Darband darasi singari tibbiyot va ekoturizm ob'ektlari kiritilgan. SHuningdek, yo'nalishdan Qorong'u yulduz, Teshiktosh g'orlari, Zarautsoy kabi ko'plab noyob tilsimga ega turistik namoyish ob'ektlari ham joy olgan.

    Ishchi guruhning ilk yig'ilishida uning a`zolari amalga oshiradigan muhim vazifalar belgilab olindi.

    — Mazkur yo'nalish bo'yicha sayohatga chiqqan mahalliy va xorijlik turistlar uchun kelgusida barcha sharoitlar yaratiladi, — deydi ishchi guruh rahbari, viloyat turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi boshlig'i Z.Namozov. — Shunga asosan yo'nalish bo'ylab oltita avtobus harakatlanishi yo'lga qo'yiladi. Chiptalarni onlayn xarid qilish tizimi tashkil etiladi. Yo'llar tubdan ta'mirlanib, atrofida ko'rkam bekatlar, savdo-ovqatlanish, sanitar-gigiena shoxobchalari, turli milliy hunarmandlik buyumlari savdosi bilan shug'ullanadigan pavil`onlar quriladi. Har bir avtobusga Wi-Fi tarmog'i ulanib, audio-gid tizimi joriy etiladi. Yo'nalishga aloqador hududlarda mehmon uylari, hunarmandlar xonadonlari, hunarmandlar ustaxonasi kabi noodatiy manzillarning loyihaga jalb etilishi ham turistlar taassurotini yanada boyitishda muhim o'rin tutadi. Ularning voha hududida qolish muddatini uzaytirishga xizmat qiladi. Guruhimiz a`zolari belgilangan chora-tadbirlarning sifatli bajarilishini ta`minlashni nazorat qilib, ularga yaqindan ko'maklashadi. Duch kelayotgan muammolarini o'rganib, echimini topishga yordam beradi.