Vazirlik matbuot xizmatining maʼlumotiga ko‘ra, Seulda bo‘lib o‘tayotgan muloqotlarda “Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot sohasida hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Koreya markazi” qo‘shma loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilinmoqda.
Ushbu tashrif O‘zbekiston-Janubiy Koreya qo‘shma loyihasining tarkibiy qismlaridan biri bo‘lib, uning maqsadi O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini raqamlashtirish sohasida o‘zaro hamkorlikni yangi pog‘onaga olib chiqishdan iborat. Shuningdek, sunʼiy intellektni rivojlantirish, elektron hukumat arxitekturasi va tuzilmasini optimallashtirish va raqamli ko‘nikmalarni oshirish nazarda tutilgan.
Shu maqsadda Koreya Respublikasi Davlat boshqaruvi va xavfsizlik vazirligi Raqamli hukumat byurosi bosh direktori So Boram bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Muloqot chog‘ida Oleg Pekos Koreya Respublikasi axborot texnologiyalari va elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha dunyoda haqli ravishda yetakchi o‘rinni egallab turishini alohida taʼkidladi. Shuningdek, Janubiy Koreya O‘zbekistonning ushbu sohalardagi asosiy strategik sheriklaridan biri ekani taʼkidlandi.
Muzokaralarda tomonlar o‘zaro hamkorlik istiqbollari, xususan, elektron hukumatni rivojlantirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini raqamlashtirish, sunʼiy intellekt bo‘yicha Koreya Respublikasining ilg‘or tajribasini o‘rganish, taʼlim, ikki davlat texnoparklari o‘rtasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi.