Uchrashuvda tomonlar logistika infratuzilmasini yaratish va modernizatsiya qilish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bilan bogʻliq jihatlar koʻrib chiqdilar. Xususan, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida quruqlik porti va ichki terminallarni qurilishi boʻyicha texnik-iqtisodiy asoslashni (TIA) ishlab chiqish masalalari muhokama etildi. 2024-yil 9-avgustda boshlangan loyiha 13 oyga moʻljallangan boʻlib, 2025-yil 12-sentyabrda yakunlanadi.
Transport-logistika tarmogʻini rivojlantirish tashabbusi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan taklif etilgan “2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi” Davlat dasturida belgilangan vazifalarga asoslangan. Ushbu dastur doirasida xalqaro savdoni mustahkamlash va xorijiy investitsiyalarni jalb etishni oʻz ichiga olgan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish rejasi belgilandi. 2024-yil mart oyida Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi Koreya Respublikasi Okeanlar va baliqchilik vazirligi bilan birgalikda Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida ichki terminalning texnik-iqtisodiy asoslanishini ishlab chiqish boʻyicha soʻrov bilan chiqdi.
Loyihaning maqsadi ushbu hududlarda quruq portni rivojlantirish boʻlib, bu mamlakatning logistika infratuzilmasini yaxshilashga yordam beradi. Ichki terminallarning tashkil etilishi Oʻzbekistonning logistika mustaqilligini oshirish va uning Markaziy Osiyodagi asosiy logistika markazi sifatidagi rolini mustahkamlash yoʻlida muhim qadam boʻladi. Loyihaning amalga oshirilishi transport infratuzilmasini sezilarli darajada yaxshilashi, shuningdek, “Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi” maqsadlarini qoʻllab-quvvatlagan holda mintaqaga yangi investitsiyalarni jalb etishi kutilyapti.
Uchrashuv yakunida tomonlar Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida quruq portlar barpo etish loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslanishini birgalikda ishlab chiqish boʻyicha Hadli bitimni imzoladilar, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.