Janubiy Koreya bilan hududlararo hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari koʻrib chiqildi

    Xalqaro hamkorlik 12 Avgust 2022 1762

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev 11-avgustda Koreya Respublikasining eng yirik viloyatlaridan biri Kensan-Pukto gubernatori Li Chxol U bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Muzokaralar davomida investitsiyalar, savdo va hududlararo hamkorlik sohalariga urgʻu berilgan holda Oʻzbekiston-Koreya hamkorligining hozirgi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

    Xususan, tomonlar joriy yil avgust oyida boʻlib oʻtgan “ Kor-Uz Toʼqimachilik Texnoparki” hududida “ Daegu Genbuk Mashinari kooperativ” marketing markazining ochilishini olqishladilar. Koreya tomoni ushbu markaz ikki mamlakat oʻrtasidagi sanoat kooperatsiyasini yanada chuqurlashtirish, shu jumladan, keyinchalik uchinchi mamlakatlar bozorlariga eksport qilish maqsadida yuqori qoʻshilgan qiymatga ega tayyor toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun barcha imkoniyatlarni yaratishiga ishonch bildirdi.

    Oʻzbekiston va Koreya hududlari ishlab chiqaruvchilari oʻrtasida “yashil” energetika, elektronika, avtomobilsozlik, farmatsevtika va boshqa istiqbolli sohalarga sanoat kooperatsiyasini yoʻlga qoʻyish imkoniyatlari oʻrganildi. Kensan-Pukto viloyati va Oʻzbekistonning turli hududlari ishbilarmon doiralari delegatsiyalarining tashriflarini tashkil etish, B2B va B2G formatlarida qoʻshma biznes forumlari va muzokaralarni oʻtkazish istiqbollari qayd etildi.

    Suhbat davomida kasb-hunar taʼlimi sohasidagi oʻzaro hamkorlik istiqbollari ham koʻrib chiqildi. Koreya tomoni Kensan-Pukto viloyatidagi oliy oʻquv yurtlarida oʻzbekistonlik talabalarni oʻqitish va kelgusida ushbu viloyatning yetakchi kompaniyalarida ishga joylashishga koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston tomonidan “Inno texnopark” va “Akfa” universiteti hamda Koreya tomonidan “Genbuk texnopark” va “Yongnam” universiteti oʻrtasida imzolangan toʻrt tomonlama Memorandum doirasida qoʻshma startap loyihalarini amalga oshirish va ilgʻor texnologiyalar sohasida malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha hamkorlikda ish olib borish muhimligi taʼkidlandi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni amalga oshirilish, shuningdek, oʻzaro hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini ishlab chiqish maqsadida muntazam ravishda, shu jumladan videokonferensaloqa tarzida muzokaralar olib borishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.