Janubiy Koreya bilan sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlik yana-da rivojlanadi

    Xalqaro hamkorlik 3 Iyun 2021 1139

    Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev boshchiligidagi delegatsiya Janubiy Koreyaga tashrifi davomida Koreya Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri Kvon Dok Chol bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Oʻzbekistonning Seuldagi elchixonasidan maʼlum qilishlaricha, tomonlar sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlikning bugungi holati yuzasidan fikr almashib, bu boradagi aloqalarni yana-da mustahkamlashning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab oldi.

    Qayd etish kerakki, Oʻzbekiston delegatsiyasi saratonni davolashga ixtisoslashgan shifoxonalarni qurish boʻyicha Janubiy Koreya tajribasi va texnologiyalarini oʻrganish maqsadida ushbu mamlakatga keldi. Toshkentda kasallik darajasi yuqori boʻlgan saraton xastaliklarini davolash va faoliyat koʻrsatishga ixtisoslashtirilgan shifoxonalarni qurish rejalashtirilgan.

    Muzokaralar chogʻida ixtisoslashgan saraton shifoxonalarini boshqarish va qurish yuzasidan fikr almashildi.

    Koreya Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri 2021-yilda ikki mamlakat oʻrtasida sogʻliqni saqlash sohasida oʻzaro anglashuv va hamkorlik boʻyicha memorandum imzolanganining 10 yilligi nishonlanishini maʼlum qildi.

    Janubiy Koreya vakillari maxsus strategik sheriklik doirasida amalga oshirilayotgan sogʻliqni saqlash, tibbiy xizmat, farmatsevtika va elektron sogʻliqni saqlash kabi turli sohalarda ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni yuqori baholadi.

    Oʻzbekiston tomonining saraton shifoxonalarini tashkil etishda Janubiy Koreya ekspertlari va yetakchi kompaniyalarining ishtirokini taʼminlash haqidagi taklifiga javob berar ekan, Koreya Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri mamlakat hukumati “nou-xau”lardan foydalanish orqali Oʻzbekiston xalqining salomatligini yaxshilashga hissa qoʻshish imkoniga ega boʻlishdan xursand ekanini aytdi. Vazir, shuningdek, sogʻliqni saqlash masalalari boʻyicha hukumatlararo ishchi guruhining yigʻilishlari kun tartibini aniqlab olish orqali ikki tomonlama hamkorlikni kuchaytirishni taklif qildi. Uning fikricha, COVID-19 pandemiyasi davrida mamlakatlar oʻrtasidagi hamjihatlik va hamkorlikni yana-da kengaytirish zarur, deb xabar beradi “Dunyo” AA.