Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari koʻrib chiqildi. Xususan, suhbatdoshlar Fargʻona viloyatida ikki tomonlama muhim loyihalarning amalga oshirilishi bilan tanishdilar.

Bugungi kunda Koreya-Oʻzbekiston ishbilarmonlar uyushmasiga aʼzo boʻlgan Janubiy Koreyaning “Hanshin Engineering & Construction” kompaniyasi ishtirokida Qoʻqon shahrida zamonaviy uy-joy majmuasini barpo etish, “EDULINK Global” kompaniyasi ishtirokida Janubiy Koreya andozasidagi bolalar bogʻchalari, “Somang” kompaniyasi ishtirokida mehmonxona qurish va Fargʻona shahridagi Koreya xalqaro universitetini (KIUF) kengaytirish loyihalari amalga oshirilyapti.

Bundan tashqari, uchrashuv chogʻida KIUF va Fargʻona shahridagi Prezident maktabi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik va qoʻllab-quvvatlash masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Xayrullo Bozorov Kim Chang Keon faoliyatini va uning yillar davomida ikki davlat, xususan, Fargʻona viloyati va Janubiy Koreya oʻrtasidagi iqtisodiy taraqqiyot hamda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga qoʻshgan ulkan hissasini yuqori baholadi.

Oʻz navbatida, Kim Chang Keon viloyat rahbariyatiga Janubiy Koreya kompaniyalari loyihalarini ilgari surishdagi faol oʻrni va doimiy qoʻllab-quvvatlashi uchun minnatdorlik bildirdi.

Uchrashuvda Inchon shahri meri Yu Chon Bokning Janubiy Koreya ishbilarmon doiralari vakillari hamrohligida Fargʻona viloyatiga boʻlajak tashrifi ham muhokama qilindi. Rejalashtirilgan tashrif doirasida Inchon shahri hokimligi va Fargʻona viloyati hokimligi oʻrtasida oʻzaro birodarlik munosabatlari toʻgʻrisidagi Bitim imzolanishi hamda Fargʻona va Inchon shaharlarining xalqaro aeroportlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni ochish masalasi muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Tomonlar Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi oʻrtasida diplomatiya munosabatlari oʻrnatilganining 30 yilligini nishonlash doirasida ikki tomonlama madaniy hamkorlik va oʻzaro almashuvni yanada kengaytirish istiqbollari yuzasidan ham fikr almashdilar.

Xususan, Janubiy Koreyadagi eng yirik simfonik orkestrlardan biri – Koreya estrada orkestri joriy yilda Fargʻona viloyatiga oʻz dasturi bilan kelishi rejalashtirilgani qayd etildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.