Janubiy Koreya kompaniyasi Sirdaryoda “aqlli” issiqxona quradi

    Agrosektor 31 Oktabr 2022 1319

    Mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Janubiy Koreyaning “Hanjin agrisulture and industry Co.LTD” kompaniyasi rahbari Ju Syon Gu boshchiligidagi delegatsiya Sirdaryo viloyat hokimligida uchrashuv oʻtkazdi.

    Muzokaralar davomida Janubiy koreyalik hamkorlarga viloyatning iqtisodiy va investitsion salohiyati taqdim etildi.

    Uchrashuvda “Hanjin agrisulture and industry Co.LTD” kompaniyasi rahbari Guliston tumanida Janubiy Koreya texnologiyalari asosida loyiha qiymati 10 million dollarga teng “aqlli” issiqxonalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini amalga oshirishda hamkorlik qilish taklifini bildirdi. Tomonlar ushbu masala yuzasidan oʻzaro kelishuvga erishdi.

    Qayd etish kerakki, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda qulay investitsiyaviy muhit shakllantirildi, xorijiy investorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish boʻyicha tizim yaratildi. Natijada respublikada iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari va sohalarida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni kun sayin koʻpayib, ularning toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritish borasidagi takliflari koʻpayib boryapti, deya xabar beradi “Dunyo” AA.