Janubiy Koreya Navoiy viloyatida qayta tiklanadigan energiya sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirmoqda

    Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Koreya-O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi direktorlar kengashi raisi Kim Chang Keon va Navoiy viloyat hokimligining investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i Elbek G‘afforov o‘rtasida videoaloqa vasitasidagi muzokaralari tashkil etildi.

    Uchrashuvda shuningdek, Janubiy Koreyaning «Chung Dahm Power Corporation», «Live Campaighn Corporation» va «TDC Co., Ltd» kompaniyalari rahbarlari hamda Konimex tumani hokimining o‘rinbosari Mansur Malonov ishtirok etdi.

    Muloqot davomida Konimex tumanida quyosh panellarini ishlab chiqarish va quyosh fotoelektrostansiyasini qurish loyihalarini amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

    Janubiy Koreyalik hamkorlarga O‘zbekistondagi mavjud investitsiya muhiti hamda xorijiy sarmoyadorlarga yaratilgan qulayliklar va taqdim etilayotgan preferensiyalar to‘g‘risidagi maʼlumotlar taqdim etildi.

    O‘z navbatida, Koreya Respublikasining mazkur kompaniyalari rahbarlari tomonidan O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya sohasida hamkorlik qilishga katta qiziqish bildirildi. 2022 yilning oktyabr-noyabr oylarida dastlabki o‘rganishlarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekistonga safar davomida ko‘rsatilgan ko‘mak uchun minnatdorlik bildirildi. O‘z faolyatlari davomida olingan tajriba va takomillashtirib kelinayotgan texnologiyalarini yurtimizda tadbiq qilish istagi ular tomonidan namoyon qilindi.

    Shuningdek, Kim Chang Keon mazkur loyihalarning iqtisodiy samaradorligini to‘liq o‘rganish maqsadida joriy yilning fevral oyida Janubiy Koreyaning ushbu nufuzli kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya amaliy safar bilan O‘zbekistonga borishini maʼlum qildi.

    Tadbir yakunlari bo‘yicha loyihani samarali amalga oshirish maqsadida doimiy aloqalarni qo‘llab-quvvatlash hamda tegishli maʼlumotlarni almashishga kelishib olindi.