Janubiy Koreya Oʻzbekiston statistika tizimiga 3,8 mln dollar ajratdi

    Moliya 20 May 2025 1348

    Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi va Koreya Respublikasining “Statistics Korea” idorasi oʻrtasida 2025–2028-yillarga moʻljallangan “Statistika salohiyatini oshirish” loyihasi doirasida muhim hamkorlik boshlandi.

    Qayd etilishicha, Koreya hukumatining rivojlanishga rasmiy yordam dasturi (ODA) doirasida 3,8 million AQSH dollari miqdoridagi grant asosida moliyalashtiriladigan ushbu loyiha mamlakatimizda statistika tizimini modernizatsiya qilish, raqamli texnologiyalar va xalqaro tajribalarni joriy etishga qaratilgan.

    Muhokamalarda kadrlar malakasini oshirishga alohida eʼtibor berilib, ushbu yoʻnalishda Milliy statistika qoʻmitasi xodimlari uchun Koreya va Oʻzbekistonda oʻquv kurslari, kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar institutida kompyuter va audio qurilmalar bilan jihozlangan zamonaviy oʻquv xonalari tashkil etiladi.

    Shuningdek, maʼmuriy maʼlumotlar bazalarini boshqarish tizimi yaratilib, davlat organlari oʻrtasida maʼlumotlar integratsiyasi taʼminlanadi va statistik tahlillar avtomatlashtirilgan, ishonchli platformalarda amalga oshiriladi.