Janubiy Koreya Oʻzbekistonga oltita tezyurar poyezd yetkazib beradi

    Polshaning “Kurier Kolejowy” jurnali saytida “Hyundai Rotem” kompaniyasi Oʻzbekistonga oltita tezyurar poyezd yetkazib beradi" sarlavhali maqola eʼlon qilindi.

    Koreya Respublikasi Prezidentining Oʻzbekistonga davlat tashrifi chogʻida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati va Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasi oʻrtasida 250 km/soat tezlikka moʻljallangan oltita tezyurar poyezdni yetkazib berish va texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha shartnoma imzolandi, deb maʼlum qilingan materialda.

    Takidlanishicha, Oʻzbekiston uchun moʻljallangan tezyurar poyezd “KTX-Eum” poyezdining oʻxshashi boʻlib, u oʻz navbatida 430 km/soat tezlikda harakatlanish uchun moʻljallangan “HEMU-430X” tezyurar poyezdi negizida yaratilgan. Har biri yetti vagonli poyezd 389 oʻringa ega boʻladi va VIP, biznes va ekonom klasslarni, shuningdek, ovqatlanish vagonini oʻz ichiga oladi.

    “Oʻzbekistonga taqdim etilayotgan tezyurar poyezd ”Jaloliddin Manguberdi“ deb nomlanadi. Ushbu tezyurar poyezd ishga tushgach, Toshkentdan Xivagacha boʻlgan masofa yetti soatda bosib oʻtilishi kutilmoqda”, – deyiladi materialda.