Mamlakatimizning Seuldagi elchixonasi maʼlumotiga koʻra, yaqinda Koreya Respublikasida ishlayotgan vatandoshimiz A.Teshaboyev oilaviy mablagʻlari hisobidan Andijon viloyati, Paxtaobod tumani, “Yuqori” mahallasi xududida koʻp tarmoqli davolash va diagnostika tibbiy markazi faoliyatini yoʻlga qoʻydi.
Markazning tantanali ochilish marosimda yangi tibbiyot muassasasida faoliyat yuritish uchun kelgan Janubiy koreyalik malakali vrachlar, viloyat, tuman hokimliklari, tibbiyot sohasi vakillari ishtirok etdi, deya xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bemorlarga aniq tashxis qoʻyish va samarali davolash maqsadida markazga Janubiy Koreyadan eng soʻnggi tibbiy asbob-uskunalar olib kelindi.
Tibbiyot muassasasida Janubiy Koreya va AQSHning nufuzli tibbiyot oliy bilim yurtlarida tahsil olgan koreys vrachlari bilan hamkorlikda mahalliy mutaxassislar ham diagnostika va davolash ishlarini olib boradi.
Koʻp tarmoqli markazda fuqarolarimizga 18 dan ortiq yoʻnalish boʻyicha tibbiy xizmatlar koʻrsatiladi.
Sarmoyador vatandoshimiz A.Teshaboyev va uning oilasining asosiy maqsadi mamlakatimizda tibbiyot sohasida faoliyat yuritish uchun taqdim etilayotgan imkoniyatlardan keng foydalangan holda viloyat va tuman aholisiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatishdan iboratdir.