Janubiy Koreyada it goʻshtini isteʼmol qilish taqiqlandi

    Ushbu Qonun loyihasini 208 nafar deputat qoʻllab-quvvatladi, ikki nafari esa ovoz berishda betaraf qoldi. Endi hujjat prezident Yun Sok Yol tomonidan imzolanishi kerak.

    Itni oʻldirgan shaxs uchun uch yil qamoq jazosi va 30 million koreys voni (taxminan 23 ming dollar) miqdorida jarima tayinlanadi.

    Itlarni tanovul qilish uchun koʻpaytirgan yoki bila turib it goʻshtidan tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotini sotib olgan, tashigan, saqlagan yoki sotganlar ham jarimaga tortiladi va qamoq jazosiga hukm qilinadi. CNN nashrining aniqlik kiritishicha, qonun loyihasida it goʻshtini isteʼmol qilganlik uchun jazo nazarda tutilmagan.

    Fermer xoʻjaliklari, restoran egalari va it goʻshti sanoati bilan shugʻullanadigan boshqa shaxslarga oʻz bizneslarini yopish uchun uch yil vaqt beriladi.

    Janubiy Koreya rasmiylariga koʻra, mamlakatda 1100 ga yaqin it fermasi mavjud boʻlib, ularda yarim millionga yaqin it boqiladi. Fermerlar qonun loyihasiga norozilik bildirib kelishadi. Ularning hisob-kitoblariga koʻra, qonun kuchga kirgach, millionga yaqin odam ishsiz qolishi mumkin.

    Janubiy koreyaliklar it goʻshtidan bosqichma-bosqich voz kechib kelishmoqda. 2022-yilda Gallup Korea tomonidan oʻtkazilgan soʻrovnomaga koʻra, respondentlarning atigi 8 foizi it goʻshtini isteʼmol qilishini bildirgan, 2015-yilda esa bu koʻrsatkich 27 foizni tashkil qilgan.

    Qoʻshimcha maʼlumot oʻrnida: Hukumat statistikasiga koʻra, it goʻshtidan tayyorlangan mahsulotlarni sotuvchi 1150 ga yaqin it fermasi, 34 ta goʻshtni qayta ishlash zavodi, 219 ta distribyutor va 1600 ga yaqin restoran mavjud.